10:53 / 24.11.2015
2253

Janubiy Koreya prezidenti terrorizmga qarshi qonun qabul qilishga chaqirdi

24 noyabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe Parijdagi qo‘poruvchiliklar munosabati bilan mamlakatda terrorizmga qarshi qonun qabul qilishga chaqirdi.

Janubiy Koreyaning “Ryonhap” agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Koreya Respublikasi hukumati bir necha yil ichida xalqaro terrorizmga aloqadorligidan xavotirga tushib, 48 nafar chet el fuqarosini mamlakatdan deportatsiya qilgan edi. Shuningdek, yaqindagina soxta pasport bilan qo‘lga tushgan Indoneziya fuqarosi ham “al-Qoida” xalqaro terroristik guruhiga mansublikda gumon qilingan.

“Umid qilamanki, siz fuqarolar hayotini himoya qilish maqsadida bu safar terrorizmga qarshi qonun loyihalarini tasdiqlash uchun qo‘lingizdan kelgan barcha ishlarni qilasiz”, - dedi prezident mamlakat Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida.

Pak Kin Xening chiqishi Janubiy Koreya parlamentida hukmron va muxolifat o‘rtasidagi aksilterror qonunlarni qabul qilish imkoniyatlari muhokamasini davom ettirdi. Biroq mamlakatdagi asosiy muxolifatdagi tashkilot – “Demokratiya uchun yangi siyosiy alyans” bu kabi qonunlar o‘zgacha fikrlilarga ta'sir ko‘rsatishda maxsus xizmatlar “qo‘lini bog‘lab” qo‘yishidan xavotir bildirmoqda.
Pak Kin Xe mamlakatda “noqonuniy namoyish”larga yo‘l qo‘ymasligini ham ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy namoyishlar vaqtida terrorizm mamlakat aholisining hayotiga tahdid tug‘dirishi mumkin.

Avvalroq esa noyabr oyida Seul markazida bo‘lib o‘tgan amaldagi hukumat siyosatiga qarshi norozilik aksiyasi vaqtida politsiya maxsus guruhining to‘qqizta avtobusi namoyishchilar tomonidan yo‘q qilingani, tartibni saqlash xodimlari tartibsizliklarni bartaraf etish uchun suv zambaraklaridan foydalangani ma'lum qilingan edi.

Top