08:52 / 24.11.2015
3503

O‘zbekistonda OITSga qarshi kurashish tizimining 25-yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tadi

2015 yilning 1-2 dekabr kunlari “Toshkentda OIV infeksiyasini tashxislash, oldini olish va davolashga zamonaviy yondashuvlar” mavzusida OITSga qarshi kurashish tizimining 25-yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi. Bu haqda UzMedInfo markazi axborot xizmati xabar qildi.

Tadbirda OITSga qarshi kurash bo‘yicha 200 nafardan ziyod ilg‘or xorijlik va o‘zbekistonlik mutaxassislar, xalqaro konsultant va ekspertlar ishtirok etadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad OIV infeksiyasining kelib chiqish, rivojlanish va tarqalish sabablari, shuningdek, OIV infeksiyasini tashxislash, oldini olish va davolashda zamonaviy usullar bo‘yicha tajriba almashish hisoblanadi.

Anjuman yakunida OIV infeksiyasi bilan kasallanishning oldini olish, kasallikni erta aniqlash va uning keng tarqalib ketishiga qarshi tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etish, OIV infeksiyasi bilan kasallangan shaxslarni davolash samarasi va sifatini oshirish orqali bemorlar umrini uzaytirish, ularning mehnat qobiliyatini saqlab qolish, kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfini kamaytirish bo‘yicha yangi yo‘l va usullar ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Top