09:52 / 25.11.2015
8896

Amerikalik general: Turkiya HHKda Su-24 samolyotini urib tushirishga yetarli asoslar yo‘q edi

Turkiya harbiy havo kuchlari Suriya chegaralari hududida Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirish zarur deb katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Anqara tomonidan harakatlarning to‘g‘ri ekanini isbotlash uchun taqdim etilgan foto va sxemalar bilan yaqindan tanishganda ham buni ko‘rish mumkin.

Ushbu fikrlarni 24 noyabr kuni Fox News telekanali efirida AQSh HHK shtabi rahbarining sobiq o‘rinbosari general Tomas Makinerni bildirib o‘tdi.
“O‘ylaymanki, turklar katta xatoga yo‘l qo‘yishdi, ular noto‘g‘ri hukm chiqarishdi, - dedi u. – Men radar trekerini ko‘rib chiqdim. Agarda ular Turkiya hududiga kirishgan bo‘lsa, bu 20-40 soniya davom etgan, undan ko‘p emas.

Mening hisob-kitobimga ko‘ra, samolyot soatiga 400-500 uzel (740,8 - 925,9 km/soat) tezlikda uchayotganda urib tushirilgan. U 180 daraja qiyalikda harakatlanayotgan bo‘lgan va bu samolyotning Suriya janubi tomonga yo‘l olganini anglatadi. Turkiya noto‘g‘ri hisob olgan”. U bu kabi holatlarda va dushmanlik manyovrlari mavjud bo‘lmaganda, AQSh HHK samolyotni urib tushirishga tavakkal qilmasligini aytib o‘tdi.

“Bu samolyot hujum harakatlarini amalga oshirmadi. Agarda sxemani muhokama qilsak, yaqinlashishda cheklovlarning buzilishi haqida gapirish adolatdan bo‘lar edi. Ammo buning uchun ham urib tushirilmaydi”, - dedi general.

Top