10:11 / 25.11.2015
2529

Avstraliya Hindiston va BAAga uran yetkazishni boshlaydi

Avstraliya kompaniyalari hozirdanoq Hindistonga uran yetkazib berishni boshlashi mumkin. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Juli Bishop ma'lum qilib, Avstraliya hukumati Hindiston bilan AES uchun uran yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuvni to‘liq tasdiqlaganini aytib o‘tdi.

Tinchlik yo‘lidagi atom sohasida ikki tomonlama kelishuvga 2014 yilning sentabr oyida erishilgan edi, biroq uning ijrosi xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar tufayli to‘xtab qolgan. Avstraliya OAV ma'lumotlariga ko‘ra, yuqoridagi yakuniy bitim yaqindagina bo‘lib o‘tgan “yigirmatalik” sammiti doirasida ikki mamlakat bosh vazirlari Malkolm Ternbull va Narendra Modi uchrashuvida tasdiqlangan.

Juli Bishop Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan ham xuddi shunday “yakuniy shartnoma” imzolanganini ma'lum qildi. “Shunday qilib, Avstraliya atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish haqidagi 24ta bitim ishtirokchisiga aylandi va 42ta mamlakat hamda Tayvanga uran eksport qilmoqda”, - dedi TIV rahbari.

Ma'lumot uchun, Avstraliya uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda birinchi (jahon zaxirasining 31 foizi) va uni qazib olish bo‘yicha Qozog‘iston va Kanadadan keyingi uchinchi o‘rinda turadi. Qazib olingan uranning barchasi eksport qilinadi, chunki mamlakatda birorta ham atom elektrostansiyasi mavjud emas.

Top