18:45 / 25.11.2015
3983

Britaniyalik bokschi Klichkoga qo‘lqopsiz mushtlarda jang qilishni taklif qildi

Superog‘ir vazn toifasi vakili bo‘lgan britaniyalik bokschi Tayson Fyuri ukrainalik Vladimir Klichkoga qarshi jang uchun o‘ziga qulay qo‘lqop tanlay olmayotganini bildirdi. Bu haqda Boxingnews nashri xabar tarqatdi.

«Menga shunchaki yaxshi bir qo‘lqop kerak. Yoki u men xohlagan qo‘lqopni menga berishga rozilik bersin. Aks holda jang bo‘lmaydi. Yagona muqobil yo‘li — qulqopsiz mushtlarda jang qilish», — deya ta'kidlagan Fyuri.

Britaniyalik sportchining ta'kidlashicha, mazkur jang shartnomasiga muvofiq ekipirovkalar bilan ta'minlovchi Paffen firmasi unga jang o‘tkazish uchun qulay bo‘lgan qo‘lqoplarni taqdim eta olmayapti. 

«Klichko shu yo‘l bilan o‘zi uchun ustunliklarni sotib olmoqda. Menga esa qo‘limni sindirib olmasligim uchun yaxshi qo‘lqop kerak. Uni nokautga uchratib mag‘lub etganimdan keyin men faoliyatimni davom ettiraman. Qo‘lim esa boshqa raqiblarni ham xuddi Klichkoni kaltaklaganimdek kaltaklashim uchun kerak bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilib o‘tgan Fyuri.

Eslatib o‘tamiz, ikki bokschi o‘rtasidagi WBA, WBO, IBF va IBO yo‘nalishlari chempionligi uchun jang joriy yilning 28 noyabr kuni Germaniyaning Dyusseldorf shahrida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, 27 yoshli Fyuri shu kunga qadar professional ringda 24 jangda ishtirok etiyu barcha uchrashuvlarda g‘alaba (18 nokaut) qozongan. 39 yoshli ukrainalik bokschi esa 67 jangining 64 tasida g‘alaba (53 nokaut) qozongan va 3 bor mag‘lubiyatga uchragan.

Top