13:06 / 25.11.2015
6981

Rus elchisi Su-24 samolyotining ikkinchi uchuvchisi tirik qolgani haqidagi xabarni tasdiqladi

Rossiyaning Fransiyadagi elchisi Aleksandr Orlov Suriya hududida Rossiyaning Su-24 rusumli harbiy bombardimonchi samolyoti Turkiyaning F-16 rusumli qiruvchi samolyoti tomonidan urib tushirilgach, katapulta orqali samolyotni tark etgan uchuvchilardan biri tirik qolganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga asoslanib, Reyter nashrining xabar tarqatishicha, ayni vaqtda qutqarilgan uchuvchi Suriya hukumati ixtiyorida bo‘lib turibdi.

Biroz oldinroq, Rossiya Mudofaa vazirligi uchuvchilardan biri turkman jangchilari tomonidan havodaligidayoq otib o‘ldirilgani haqida xabar qilgandi.

Bugun ertalab, OAVlar Su-24 samolyotining ikkinchi uchuvchisi suriyalik harbiylar tomonidan qutqarilgani haqida xabar tarqatdi.

Dastlab, ayrim OAVlarda samolyotning har ikki uchuvchisi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan, lekin bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagandi.

So‘ng Suriya muxolifati uchuvchilardan birining tanasini hukumat qamog‘ida bo‘lgan vakillaridan biriga almashtirmoqchi bo‘lgani xabar qilingandi.

Shuningdek, Suriyadagi turkmanlar guruhi vakili uchuvchilarning yerga tushgach, otib tashlangani haqida ma'lumot bergan.

Keyinroq, turkmanlar Su-24 samolyotining katapulta qilgan uchuvchilariga havodaligidayoq o‘t ochishgani videosi paydo bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Top