08:14 / 26.11.2015
2902

Benites "Shaxtyor"ga qarshi o‘yin haqida: O‘yin hujumkor kechdi va bu yaxshi

"Real" bosh murabbiyi Rafael Benites "Shaxter"ga qarshi kechgan bahsdan keyin jurnalistlarga intervyu berish vaqtida 4:3 hisobida qozonilgan g‘alabadan qoniqish hosil qilganini bildirdi.

"Yaxshi o‘yin o‘tkizganimizdan, o‘yinni to‘liq nazorat qilganimizdan qoniqish hosil qildim. Himoyachilarimiz xatoga yo‘l qo‘yib, penaltidan gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin o‘yin o‘zgarib ketdi. Shunga qaramay, biz jiddiy raqib darvozasiga 4ta gol urdik va guruhda 1-o‘rinni egalladik. Bugungi o‘yindan keyin menda ijobiy hissiyotlar paydo bo‘ldi.

Biz raqibga bosim o‘tkazdik va 3 ochkoni qo‘lga kiritdik. Dastlabki ikkita golni xatolarimiz evaziga o‘tkazib yubordik. Penalti bo‘lgan yoki bo‘lmaganini bilmayman, biz xatolarimizni tahlil qilamiz. Umuman olganda, menga o‘yin yoqdi.

Biz bugun hujumda Beyl va Ronaldu borasida ko‘p tajribalar o‘tkazdik. O‘yin shunday qilishga imkon berdi va turli nuqtalarda ularning harakatlarini tahlil qilib oldik", deydi murabbiy.

Undan Modrichning o‘yini xususida so‘rashgan.

"Bir futbolchi haqida fikr bildirish menga yoqmaydi. Shunday futbolchilar borki, ular haqida biz kam gapiramiz. Lekin biz aniq bir futbolchi haqida emas, butun jamoa haqida gapirishimiz kerak. Bizning kuchimiz birlikda.Har ikki jamoaning ham hujum chizig‘i kuchli edi. Shu sababli bu qadar ko‘p gol urilishi odatiy holat", degan Benites.

"Men sovuqdan unchalik qiynalmayman. Ayniqsa, bor e'tiborimni o‘yinga qaratgan bo‘lsam, sovuq menga ta'sir qilmaydi", deb javob bergan u "Havo harorati -2 bo‘lganida bitta kastyumda qanday qilib muzlab qolmagani" so‘ralganida.

Shuningdek, u o‘yinlar ko‘p o‘tkazilgani uchun futbolchilarning jarohatlanishi tabiiy holatligini, lekin jamoa jarohatli futbolchilarni tez safga qaytarayotganini ta'kidlagan.

"Oxirgi uch o‘yinda 10 ta gol o‘tkazib yuborganimiz ko‘p emasmi? Biz har bir gollarni ko‘rib chiqishimiz kerak. Bugungi o‘tkazilganlari himoyaning xatosi emas, balki hujumkor jamoaning harakati evaziga bo‘ldi. Ammo biz safarda to‘rtta gol urishga ham muvaffaq bo‘ldik. Bu jamoaning tiklanishi uchun dastlabki qadam bo‘ldi", - deya yakunlagan Benites.

Top