19:28 / 26.11.2015
3092

"O‘zavtoyo‘l" AKda Germaniyaning qator kompaniyalari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

«O‘zavtoyo‘l» AKda Germaniyaning qator kompaniyalari ishtirokida uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "O‘zavtoyo‘l" AK matbuot xizmati ma'lum qildi.

Ularda O‘zbekiston hamda Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida avtomobil yo‘llari qurilishi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik va uni samarali davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Germaniyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Naytxard Xyofer-Vissing hamda GFR iqtisodiyot va energetika Federal vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Bernxard Dux ishtirokida bo‘lib o‘tgan ushbu muzokaralarda mazkur mamlakatning BOMAG GmbH, AMMANN kabi va boshqa kompaniyalari vakillari bilan kelgusida yo‘lga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan hamkorlik xususida so‘z bordi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda mahalliy xomashyo va ishchi kuchi bazasida jahon andozalariga javob beradigan hamda O‘zbekiston yo‘l qurilishida ishlatiladigan yuksak texnika va texnologiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, asfalt-beton qorishmalari tayyorlashga yo‘naltiriladigan, BOMAG GmbH, AMMANN kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma korxonalar barpo etish, yo‘lsozlik sohasiga investitsiyalar jalb etish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida nemis kompaniyalari mazkur taklif yuzasidan o‘zlarining amaliy rejalarini yaqin vaqtda taqdim etishini ma'lum qildi.

Uchrashuvlarda tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Top