19:13 / 26.11.2015
29564

Semizlikdan aziyat chekkan 12 taqdirning qanday qilib undan qutilgani haqidagi 12 haqiqat

Bugun yer yuzidagi ko‘plab odamlar semizlikdan ham jismoniy, ham ruhiy azob chekishadi. Ular tushkunlikka tushib qolishgan, o‘zlarini qo‘lga olishga ularda kuch yo‘q, ishni nimadan boshlashni, nima qilishni bilishmaydi. Bugungi sahifamizda ana shunday vaziyatda o‘zini qat'iy tuta bilgan 12 nafar inson hayoti haqida so‘z yuritamiz. Ular semizlikdan batamom qutilishgan, shu bois o‘rinli, sinovdan o‘tgan maslahatlar berishadi. Bu esa hayotingizni yangi sahifadan boshlashingizga turtki bo‘ladi.

 

1. Signe Xeffernan, 2 yil ichida 57 kg. ga ozdi: “Shunday qilingki, har kuni ozginadan bo‘lsada, sog‘lom tana uchun qadam tashlang”.

“Men ishni piyoda yurishdan boshlaganman. Ishdan uyga bo‘lgan 5,5 km. li masofani bosib o‘tardim. Olti oy shu holatda ishga borib kelib yurdim. Tarkibida shakar mavjud hamda qayta ishlangan mahsulotlar iste'molini to‘xtatdim. Ana undan keyin bir yil davomida haftasiga 3-5 martadan sportzalga bordim va u yerda murabbiy nazorati ostida mashqlar qildim.

Ishni oz-ozdan amalga oshirishdan boshlang: o‘zingizga grafik tuzib oling, kuchingiz yetgan ishlarni amalga oshirirng. Masalan uydan ishga yoki u-bu joyga piyoda borishga harakat qiling. Men ham boshida shunday qilganman. Kundalik hayotingizning bir bo‘lagiga aylanishi mumkin bo‘lgan odatlar yordamida ozishga harakat qiling. Doim foydali taomlar yeyishga harakat qiling va kam-kamdan bo‘lsada sport bilan shug‘ullanib turing”.

 

2. Xanter Montgomeri, bir yilda 48 kg. ga ozdi: “Intuitsiyangizga quloq osing”.

“Bugun inson salomatligi sohasida ancha-buncha mutaxassis faoliyat olib boradi. Turli ko‘rinishdagi metodikalarni, mashqlarni va parhezlarni qo‘llab ko‘rish mumkin. Ammo yagona xulosa shundaki, har bir inson mustaqil shaxs. Har bir shaxs,xuddi men o‘zimda amalga oshirgandek, qat'iy qaror chiqara bilishi lozim. Chunki hech kim tanangizni sizchalik yaxshi tushunmaydi”.

 

3. Oliviya Sallivan, bir yilda 45 kg. ga ozdi: “Siz kardioni yoqtirmaysizmi, unda yoqtiradigan narsangizni toping”.

“Tan olib aytishim kerakki, eng yoqtirmagan narsam bu — kardio. Vazning 125 kg. bo‘la turib, kardiomashqlar olib borish judayam qiyin va yaramas narsa. Do‘stim menga kuch bilan bajariladigan mashqlar haqida gapirib qoldi va bu menga darrov manzur keldi. Ularni bajarishga kuchim yetardi, og‘ir vaznimga qaramay, zavq bilan mashq qilardim. Shunday bo‘lsada, haftada ikki marta kardiomashqlar o‘tkazib turardim, ammo ozishimga aynan kuch bilan bajariladigan mashqlar yordam berganini tan olmay ilojim yo‘q. Oradan yarim yil o‘tgach, boksga qatnay boshladim. Bu meni kuchli va irodali qildi. Qilayotgan ishlarim o‘zimga judayam yoqardi.

Haftaning 3 kunida boksga, 3 kunida sportzalga qatnay boshladim. Hozir vaznim 80 kg va mana endi kardiomashqlarni bajarish men uchun yengil kechayapti. Mana shu yozda 5 km. masofga o‘tkaziladigan marafon yuugurishida qatnashmoqchiman!”

 

4. Diana Nosgaard, 41 kg. ga ozgan: “Agar sportzaliga borishga uyalsangiz, unda to qat'iy qarorga kelguningizga qadar, sportdan tashqari mashqlarni bajaring”.

“Men buni har kuni 15 daqiqa sayr qilish va akvaaerobika bilan shug‘ullanishdan boshlaganman. Natijada 7 kg. ga ozganman. Akvaaerobika bilan 9 oy davomida haftasiga 4 martadan shug‘ullanaverdim. O‘zimni trenajyor zaliga borish uchun tayyorligimni bilgach, u yerga qatnay boshladim. Hech qachon o‘zimni bu yerdabo‘laman deb tasavvur etmaganman, ammo iloj qancha. Hozir ham haftasiga besh marta trenajyor zaliga qatnyman va kardiomashqlar bajaraman”.

 

5. Jyeki Kankam, ikki yil ichida 32 kg. ga ozdi: “Mashg‘ulotlarda o‘ta qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo, unutmang, keyingi mashqlar yanada oson bo‘ladi”.

“Men hech qachon o‘zimning ilk mashg‘ulotimni yoddan chiqarmayman. Mashqlar og‘ir bo‘lgani uchun yig‘lab yuborardim, bu holatimni ko‘rganlar mendan ko‘zlarini olib qochishardi. Shunda o‘tirib o‘yladim, hammasini shart tashlab ketsammi yoki davom ettirsammi? Keyinchalik og‘ir tuyulgan mashqlar yengillasha bordi. Ana shundan so‘ng mashqlarni davom ettira boshladim va bir narsaga iqror bo‘ldimki, qabul qilish yoki inkor etish juda oson narsalar ekan.

Eng sevimli iqtibosim quyidagicha: “Yiqilish va to‘la muvaffaqiyatsizlikning orasidagi farq yo‘lingizda davom etasizmi yoki yo‘q ana shunda hal bo‘ladi”. Tushunib yetdimki, hozir menga qanchalik og‘ir bo‘lmasin, vaqti kelib bularni bari yengillashadi.

 

6. Garinder Pabla, 3 yil ichida 32 kg. ga ozdi: “Hech qachon parhez qilmang. Hayotingiz mohiyatini o‘zgartirish uchun sayohatga otlaning”.

Qiziqarli sayohatlarim hayotimni tubdan o‘zgartirib yubordi. Gap parhezda, mashg‘ulotlarda yoki ozdiruvchi tabletkalarda emas, gap hayot tarzini o‘zgartirishda. Vaqti-vaqti bilan uyga qaytish va divanda o‘tirgancha pitssaxo‘rlik qilish xumori tutardi. Ammo men ortga qaytmadim. Chunki oldimga qo‘ygan maqsadim bor edi. Unga albatta yetaman va bir zamonlardagidek odamga o‘xshab yashayman”.

 

7. Zakari Riger, bir yilda 24 kg. ga ozdi: “Sizni qo‘llab-quvvatlaydigan va quvontiradigan odamlar davrasida bo‘ling”.

“Atrofingizga yoqimli insonlarni jamlang. Omadim shundaki, hayotimda meni qo‘llagan va doim yonimda turgan qizni uchratdim (hozir u mening rafiqam). Biz birgalikda sport bilan shug‘ullandek, yugurish paytida u meni rag‘batlantirib turdi. Ota-onam ham qilayotgan ishlarimdan xursand bo‘lishdi va birinchi marta marafonda yugurganimda ishqibozlik qilib turishdi. Barcha do‘stlarim meni qo‘llab-quvvatlashdi va oralaridan biri bir oy davomida yonimda turib, marafonga tayyorlanishimga ko‘makchi bo‘ldi.

Atrofingdagilarning bunday g‘amxo‘rligini hech qachon unutmaysan”.

 

8. Timoti Rid, 18 oyda 46 kg. ga ozdi: “Yomon odatlaringizni aniqlang va ulardan xolos bo‘lish choralarini izlang”.

“Menga 1,5 yil ichida ozish nasib qildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Ovqat mening narkotikim edi, ayniqsa, shirinliklar. Kurash davom etayapti.

Men to‘g‘ri va kaloriyaga qarab ovqatlanishni o‘rganib oldim. Hatto sportzaliga borib, mushaklarim ustida mashq olib borayotgan kezlarimda ham buni unutmadim.

Kaloriyali taomlardan, ayniqsa, shirinliklardan voz kechishim shunaqayam qiyin bo‘ldiki, tasavvurim qilolmaysiz. Ammo irodali bo‘lish lozim edi, zararli taomlar, fastfudlar yemaslik lozim edi. Hozir uyda taom tayyorlayman va faqat foydali mahsulotlar sotibolaman”.

 

9. Vanessa Nelson, 5 oyda 32 kg. ga ozdi: “Yo‘lingizga qanday ruhiy to‘siqlar bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘ring va hayotingizni o‘zgartiring”.

“Men hatto ruhiy siqilishlarimning oldini olish uchun maxsus mutaxassisga murojaat etganman. Ozish yo‘lida qalbimda juda ko‘p qo‘rquvlar mavjud edi. Balki bu g‘alati eshitilar, ammo men ozishdan qo‘rqqanman. Omadsizlikka uchrasamchi, degan mudhish fikr meni tark etmasdi. Biroq men barcha xayollarimni bir joyga yig‘ishtirib qo‘ydim va maqsadim sari qadam tashladim. Hozir o‘zimni umuman boshqa odamdek his qilaman”.

 

10. Jyenn Flores, 16 oy ichida 27 kg. ga ozdi: “Do‘stlaringiz bilan raqobat qiling”.

“Vaznim 109 kg. edi va bundan judayam charchardim. Nihoyat ozishga qaror qildim. O‘shanda oldimga 5 kilometr masofaga yugurish musobaqasida qatnashish maqsadini qo‘ydim. Musobaqaga ikki oy qolganda ham doimiy mashg‘ulotlar qilishni boshlamagandim. Shundan so‘ng marafon haqida hamkasbimga aytdim va u men bilan birga musobaqaga qatnashadigan bo‘ldi. Biz birgalikda unga qattiq tayyorlana boshladik va shunda ichimda: “Jin ursin! Bari haqiqiyga aylanib ketdi”, dedim. Boshlanishida ishdan so‘ng plyaj bo‘ylab yugurishga tushdik.

Ilk ikki hafta ichida qiyinchilik bilan tanaffussiz bir daqiqa yugura olardim. Ammo sekinlik bilan natijalarim ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Hamkasbim meni ruhiy qo‘llab-quvvatlab turdi va uning yordami ila mashg‘ulotlarim yengillashdi. O‘sha musobaqa taqdirimdagi tub burilish bo‘ldi. Ana o‘shanda men ilk dafa' hayot quyoshimni ko‘rdim”.

 

11. Afina Garsa, 2,5 yil ichida 84 kg. ga ozdi: “Har bir g‘alabangizni bayram qiling. U zarra hajmicha bo‘ladimi, buning uchun o‘zingizni rag‘batlantiring”.

“Boshlanishida haftasiga 2-4 kg. ga oza boshladim! Men qanchalik ko‘p ozsam, ozish jarayoni shunchalik pasaya bordi. Endi natijam haftasiga 0,5-1 kg. ko‘rsatardi. Ayrim haftalarda 500 gramm ham vazn tashlamasdim. Men bundan judayam xavotirga tushib qoldim.

Keyin o‘ylab qoldim, har bir qayd etilgan yaxshi natija uchun o‘zimni o‘zim mukofotlasamchi?! Shunday qildim. Hozir belgilab qo‘ygan natijamga belgilangan vaqtda erishsam do‘konga boraman va o‘zimga yoqqan biror-bir narsa harid qilaman”.

12. Kelli Geystler, bir yilda 56 kg. ga ozdi: “Bilasizmi, hayot ozishingizga halaqit beradi. Shu bois omadsizliklarni xotirjam qabul qiling”.

“Men vaznim bilan yuridik maktabda o‘qib yurgan kezlarimdanoq kurash olib borganman. Ozishim muvaffaqiyatli kechayotgandi, biroq bo‘g‘imlarimda qattiq dard orttirib oldim va menga turli xil dori vositalarini qabul qilishga to‘g‘ri keldi. Shu bois uchinchi kursdaligimda bir necha oy ichida 32 kiloga semirdim.

Dardimga qarshi kurashish olti oyga cho‘zildi va shundan keyin dorilar ichmay qo‘ydim hamda tag‘in vaznim bilan kurash olib bordim. Birinchi 33 kg, ana undan keyin 23, umumiy natija bo‘yicha 56 kg. ga ozdim”.

P.S: Yuqorida so‘zlariga guvoh bo‘lganlarimiz bizga ertak yoki afsona aytishmadi, tushunish yoki bajarish qiyin bo‘lgan ilmiy tilda ham so‘zlashmadi, balki sodda qilib hayotlarida sodir bo‘lgan va hamon davom etayotgan jarayonlar haqida so‘z yuritishdi. Bu jarayonlar bitta narsaga qaratilgan — irodani jamlab, maqsad sari harakat qilish. Ozmoqchimisiz, semizlikdan aziyat chekasizmi, unda hayol surishni, tushkunlikka berilishni, ishonmaslikni, ikkilanishni va kerak bo‘lsa uyatni bir chetga yig‘ishtirib maqsadingiz sari harakat qiling! Bugun buning ayni payti.

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi.

Top