12:19 / 27.11.2015
3513

“Jazoir bilan do‘stlik” Assotsiatsiyasi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu yilning 26 iyun kuni Jazoir Xalq Demoraktik Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Nosir Busheritdan ishonch yorlig‘ini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonaning yangi tayinlangan rahbarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Jazoir bilan o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat berayotganini ta'kidladi va elchining sharafli hamda mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston Jazoirga Shimoliy Afrikadagi eng muhim tashqi siyosiy sheriklardan biri, deb qaraydi. Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘zaro manfaatli savdoni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.
Jazoir elchisi ikki mamlakat xalqlarini tarixiy, madaniy va ma'naviy mushtarak aloqalar bog‘lab turishini ta'kidladi va davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga munosib xizmat qilishni o‘zi uchun ulkan sharaf, deb bilishini qayd etdi.
26 noyabr kuni “Miran International Hotel” mexmonxonasida “Jazoir bilan do‘stlik” Assotsiatsiyasini tashkil etishga bag‘ishlangan ta'sis majlisi bo‘lib o‘tdi.
Jazoir Xalq Demoraktik Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Nosir Busherit o‘zining tabrik nutqida 9 oydan beri O‘zbekistonda ekanini, yurtimizning chiroyli va go‘zalligini aytar ekan, begona yurtda emas, xuddi o‘z uyidek xis qilayotganini ta'kidladi. “Mexmondo‘st shunday xalq orasida ekanligimdan xursandman” dedi elchi. U o‘z so‘zida shu davr maboynida ko‘plab o‘zbekistonliklar bilan uchrashganini, o‘tgan asrning 60-70 yillarida Jazoirda xizmat qilgan o‘zbekistonliklar suxbat davomida “Jazoir do‘stlari” deb nomlangan uyushma tuzish taklifi bilan chiqqanliklarini ma'lum qildi. “Bu taklif elchixona va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Uyushma ikki tomonlama aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi”, dedi Nosir Busherit. U o‘z so‘zida “O‘tgan asrning 70 yillarida xamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan ekan, bu aloqalarni 2015 yilda xam amalga oshirish mumkin” dedi. Elchining fikricha, buning uchun imkoniyat ham, hohish xam bor.
Shundan so‘ng Jazoirda mexnat qilgan bir gurux o‘zbekistonliklar mazkur mamlakat va u yerda o‘tkazgan damlari borasida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Jazoir va yoshlik damlarini sog‘inishlarini aytishdi. Taniqli mo‘yqalam ustasi Javlon Umarbekov Jazoirga bag‘ishlangan asarlarining yaratilishi xaqida, kinorejissyor G‘iyos Shermuxammedov esa ikki mamlakat kinoustalari tomonidan yaratilgan “Sug‘diyona”, “Buyuk Turon” badiiy filmlarining suratga olinish jarayonlari xaqida gapirib berishdi.

Top