21:36 / 27.11.2015
10857

Rossiya HKK: Turkiya aviatsiyasi Su-24 uchun "tuzoq tayyorlagan"

Rossiyaning Su-24 rusumli harbiy bombardimonchi samolyoti Turkiya aviatsiyasi tomonidan tayyorlangan pistirmaga yo‘liqqan. Bu haqda Rossiya Harbiy-Kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Viktor Bondarev RIA Novosti nashriga ma'lum qilgan.

"Suriyadagi radarlar orqali aniqlanishicha, voqea ro‘y bergan hudud yaqinida Turkiyaning ikkita F-16c samolyoti 24 noyabr kuni soat 09:11dan soat 10:26gacha, 1 soatu 15 minut davomida, 2,4 km balandlikda uchib yurgan. Bu esa ushbu qiruvchi samolyotlarning pistirmadan turib hujumga tayyorlanganini anglatadi", deydi Bondarev.

Uning aytishicha, turklarning samolyoti Diyorbakir bazasidagi navbatchilik hududidan hujum amalga oshirigan nuqtaga qisqa vaqt ichida yetib kelish mumkin bo‘lmagan, shuning uchun samolyotlar Su-24 kelishini yaqin masofada uchib yurgan holda kutgan.

Bondarev bu hodisani "misli ko‘rilmagan darajadagi xoinlik" sifatida baholagan.

Bundan oldinroq, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Su-24 samolyoti "harbiycha reaksiya" natijasida urib tushirilgani haqida aytgandi.

Top