16:56 / 27.11.2015
6244

Sankt-Peterburgda Aleksandr III ning qabri ochildi

Mutaxassislar Rossiya imperatori Aleksandr III ning Sankt-Peterburgda joylashgan qabrini ochib, o‘rganish uchun namunalar olmoqda, deb xabar berdi Interfaks agentligi.

“Sarkofag ochildi, o‘rganish uchun Aleksandr III qoldiqlaridan namunalar olinmoqda. O‘tkazilgan ishlar shuni tasdiqladiki, ilgari sarkofag hech ham ochilmagan”, - deydi agentlikning manbasi.

Ayni paytda soborga kirish yopib qo‘yilgan, kirish politsiya navbatchilik otryadi tomonidan qo‘riqlanmoqda. Vaqti-vaqti bilan tobut joylashgan joydan maxsus kiyimlardagi odamlar chiqmoqda.
Oxirgi bir necha hafta mobaynida Peterburgda qabrni ochishga hozirlik ko‘rildi. Kuzda Moskvaga o‘rganish uchun Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay II ning hamda rafiqasining qoldiqlari, shuningdek, imperator Aleksandr II ning qoni tekkan kiyimlar namunalari olib kelindi.

Sentyabr oyida Rossiya tergov qo‘mitasi podsholik oilasining halokati bo‘yicha ochilgan jinoiy ishni qaytadan boshlab, tergov jarayonini olib bora boshladi. Nikolay II ning farzandlariga nisbat beriladigan tanalarning haqiqiyligini aniqlash borasida ham qo‘shimcha tadqiqotlar olib borilmoqda. Ularning qoldiqlari ayni paytda Moskvadagi Rossiya Davlat arxivida saqlanmoqda.

Top