11:24 / 28.11.2015
3427

Jizzaxda BMT Taraqqiyot dasturi loyihasining 2015 yilgi faoliyati yakunlari muhokama qilindi

2015 yilning 26 noyabr kuni Jizzax shahrida BMT Taraqqiyot dasturi «Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash/2-bosqich» loyihasining 2015 yildagi faoliyati natijalari va 2016 yildagi ish rejasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar qildi.

Viloyat faollari, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va hokimliklarning mas'ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida viloyatda mahalliy boshqaruv tizimini rivojlantirish, davlat xizmati tizimini takomillashtirish, hududni barqaror rivojlantirish va boshqa sohalarda olib borilgan ishlar, uning samaralari tahlil etildi.

– Bundan 5 yil avval boshlangan mazkur loyihaning maqsadi davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyalash, mahalliy boshqaruv organlari hisobdorligi va ularning faoliyati ochiqligini ta'minlash, xududlarni rivojlantirishdir. Loyiha yo‘nalishlari birinchi bosqichda Namangan va Jizzax viloyatlarida, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatida ham namunaviy tarzda amaliyotga tadbiq etilmoqda, – deydi loyiha rahbari Dilshod Isroilov.

Davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish yo‘nalishida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida” Qonunning 25-1 moddasiga hokimning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini xalq deputatlari Kengashi tomonidan eshitish to‘g‘risida o‘zgarish kiritildi. Shuningdek, Senat kengashining qarori bilan xalq deputatlari mahalliy kengashlarining namunaviy reglamentiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining salohiyatini oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi va sinov tariqasida Toshkent viloyatida amalga oshirildi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida” gi Qonunning yangi tahriri konsepsiyasi ishlab chiqildi.

«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 6 noyabrdagi 320-son qarori qabul qilindi.
Viloyat hokimliklari veb-saytlarida “Ochiq ma'lumotlar” (Open Data) joriy etishda amaliy ko‘mak berildi.
Jizzax va Namangan shaharlarida joriy etilgan «Yagona oyna markazi» tajribasi asosida Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub'yektlari va aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi “Bir darcha” tizimi Kontseptsiyasi ishlab chiqildi va undagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni (2015y. 15 may, №PF-4725)da o‘z aksini topdi.
“Bir darcha” markazlari 2016 yilning yanvar oyidan e'tiboran barcha shahar va tuman hokimliklari huzurida mavjud 193 ta tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha Inspektsiyalar negizida yaratiladi.

Davlat xizmati tizimini takomillashtirish yo‘nalishida “Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ishga qabul qilish hamda davlat xizmatchilarini malakasini oshirish, kadrlar zahirasini shakllantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining Qarori loyihasi ishlab chiqildi va my.gov.uz`da muhokama etildi. Shuningdek, Davlat xizmatchilarining Axloq kodeksi loyihasi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining Qarori loyihasi, “Davlat xizmatchilari faoliyatini samaradorligini baholash to‘g‘risida” va “Davlat xizmatchilarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” gi Nizomlar loyihalari ishlab chiqildi.
Hududlarni barqaror rivojlantirish yo‘nalishida Toshkent viloyati Qibray tumani hamda Jizzax va Namangan shaharlarining 2016-2024 yillar uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Strategiyalari ishlab chiqildi va my.gov.uz`da muhokama etildi. Hozirgi kunda tadbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda shuningdek, loyiha tomonidan 2016 yildagi ish rejalari ya'ni, “Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ishga qabul qilish hamda davlat xizmatchilarini malakasini oshirish, kadrlar zahirasini shakllantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining Qarori va “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi Qonunni ishlab chiqish va qabul qilish, Hududni rivojlantirish ctrategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilish borasida BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar borasida yig‘ilganlarga atroflicha axborot berildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardilar.

Top