10:57 / 28.11.2015
4833

O‘zDJTUda ilk bor tashkil etilgan “Students` union”ga prezident saylandi

27 noyabr kuni O‘zDJTUning faollar zalida oliygohda ilk bor tashkil etilayotgan “Students` union”, ya'ni “ talabalar uyushmasi”ga prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori Shuhrat Qayumov, ma'muriyat vakillari, oliygohning eng iqtidorli hamda faol talabalari, respublika va xalqaro olimpiada g‘oliblari, shuningdek turli xil nomdor stipendiya sohiblari ishtirok etishdi.

Saylovni oliygoh rektori kirish so‘zi bilan ochib berdi va o‘z nutqida uyushma, uning kelgusidagi faoliyati, talabalarga yaratiladigan imkoniyatlar hamda ulardan talab qilinadigan ulkan mas'uliyatlar haqida gapirib o‘tdi. Tadbirda fakultetlar orasida o‘tkazilgan saylovlarda yetarli ovoz to‘play olgan 17 nafar talaba o‘zlarining kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlari, g‘oya va takliflari aks ettirilgan prezentatsion chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

Ovoz beruvchilar to‘ldirilgan byulletenlarni maxsus qutilarga tashladilar. Natijalar shu zahotiyoq hay'at a'zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, e'lon qilindi. Unga ko‘ra, xolisona va qizg‘in ruhda kechgan saylovda nomzodlar orasida eng ko‘p ovoz to‘plagan Jahongir Tursunov uyushma prezidenti etib saylandi. Tadbir so‘nggida universitet rektori so‘zga chiqib, g‘olibni tabriklab, uyushmaning kelgusidagi faoliyatiga omadlar tilab, talabalarga bo‘lgan ishonchi juda yuqori ekanligi va ular universitet mavqeyini jahon miqyosiga ko‘tara olishlariga ishonchi komil ekanligini yana bir bor ta'kidlab o‘tdi.

Rustambek EShBEKOV, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Top