18:07 / 29.11.2015
13253

Dubayda talonchilik ustida qo‘lga tushgan o‘zbekistonlik sud qilinmoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dubay sudi BAA hududida noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosining ishini ko‘rib chiqmoqda. 33 yoshli erkak pichoq bilan qurollanib, shaxsiy uyga o‘g‘rilikka tushganlikda, u yerdagi Hindiston fuqarosini o‘ldirishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.

2015 yil 12 may kuni Dubayning al-Qusays tumanidagi kompaniyalardan birining menejyeri sotuvchi, Hindiston fuqarosidan ayirboshlash punktida 200 ming dirham (55 ming dollar) pulni almashtirishni so‘ragan. Punkt yopiqligi bois erkak bu ishni keyinroq amalga oshirishga qaror qilib, uyiga yo‘l olgan. Ammo uyining liftiga kirishi bilan O‘zbekiston fukarosi ham uning ortidan yo‘l olgan. Hindistonlik uchinchi, o‘zbekistonlik esa ikkinchi qavatning tugmasini bosgan. Lekin lift ikkinchi qavatda to‘xtaganida o‘zbekistonlik tushmagan. Lift uchinchi qavatga yetganida O‘zbekiston fuqarosi hindning sumkasini yulqib olib, qochmoqchi bo‘lgan, ammo o‘ljasi unga qarshilik ko‘rsatgan. Shunda o‘zbekistonlik pichoq chiqarib, o‘ljasiga zarbalar bergan va qochib qolgan. Uning ortidan yo‘l olgan erkak qon yo‘qotgani bois hushidan ketgan.

Politsya kuzatuv kameralaridagi videoqaydlar, shuningdek, liftda qoldirilgan barmoq izlari yordamida jinoyatchini aniqlay oldi. Hindistonlik qurbon ham jinoyatchini tanidi. Jinoyatchi aybini tan oldi, pichoqni qayerga tashlaganini ko‘rsatib berdi. U qurbonlarini valyuta ayirboshlash shoxobchasi oldida topishini, so‘ng ularning ketidan kuzatib borib, hujum qilishini aytib berdi.

Sud eshituvlari 2016 yil 28 yanvarida davom etadi.

Top