10:28 / 29.11.2015
22915

O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi organlari yuqori tayyorlik rejimida ishlamoqda

O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi organlari butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Noyabr oyining boshidan buyon tegishli tashkilot va idoralar jamoat joylari va hukumat binolarini nazorat qilishni kuchaytirishdi. Shuningdek, Toshkent shahridagi xonadonlarda jiddiy tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. U yerda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashab turgan shaxslar orasida ekstremistlar bo‘lishi mumkinligi ehtimoli bilan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Toshkent, Farg‘ona va boshqa bir qator viloyatlarda IShID bilan aloqalarda gumon qilingan bir qancha shaxslar qo‘lga olindi. O‘tgan oy mobaynida terrorchilar bilan aloqa qilgan 90 kishi qo‘lga olindi. Ular Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida aniqlandi.

Mamlakatning barcha viloyatlarida aksilterror o‘quvlari o‘tkazilmoqda.
“Aynan mana shu o‘quvlarni fuqarolar haqiqiy voqealar deb qabul qilmoqda”, - tushuntirdi IIV xodimlaridan biri, internetda tarqatilgan turli xabarlarga izoh berarkan.

10 noyabr kuni Toshkent shahrida xonadonlar tekshiruvi boshlandi. Xavfsizlik xizmati xodimlari har bir xonadonda turuvchi shaxslar sonini tekshirib, ularning ro‘yxatga olingan-olinmaganini tekshirmoqda. Shuningdek, uyni ijaraga berganlar ham tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Tuman militsiya bo‘limlari ijaraga beruvchilar va oluvchilar ma'lumotlar bazasini yaratmoqda. Bu nafaqat Toshkentda yashayotganlar miqdorini aniqlashga yordam beradi, balki ijaraga beruvchilarning mas'uliyatini ham oshiradi, deb ishonmoqda huquq-tartibot xodimlari.

Jumladan, shu yili toshkentlik Munira Po‘latovaning uyida ijarada turgan ikki ijarachi ekstremistik adabiyotlar tarqatayotgani aniqlandi. Ayol davlatga soliq to‘lamaslik uchun ijara haqida rasmiy idoralarga ma'lum qilmagan edi.

Ta'kidlanishicha, aholi bu tadbirlarni to‘g‘ri tushunmoqda, negaki oxirgi oylarda IShIDning dunyoning turli qismlarda faollashishi barchani tashvishga solmoqda. OAVda yozilishicha, aholi bu tekshiruvlar hamda xavfsizlik choralarining oshirilishi fuqarolarning tinchligini ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotganini tushunmoqda, deb yozadi 12news.uz.

Top