22:20 / 30.11.2015
4132

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Boing samolyotining Fullflight-simulyatorini sotib olmoqchi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi navbatdagi to‘liq pilotaj trenajyori – Boing samolyotlari uchun Fullflight-simulyatorini sotib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi “Sputnik Uzbekistan” muxbiriga MAK o‘quv-mashg‘ulot markazidagi manba.

Uning aytishicha, yangi trenajyor universal bo‘ladi va undan Boing 757 va 767 samolyotlari ekipajlarini o‘qitishda foydalanilmoqchi. Chunki bu samolyotlar orasida katta farq yo‘q, farq faqatgina ularning o‘lchamlaridadir.

“Hozirda muzokaralar boshlang‘ich bosqichda, bunda biz Kanadaning CAE kompaniyasiga Fullflight-simulyator sotib olmoqchiligimizni bildirdik. Hozirda bu samolyotlar uchun trenajyorlar ishlab chiqarilmaydi, shuning uchun biz ishlatilganini sotib olamiz. O‘z navbatida kanadaliklar biz sotib olgan texnikani xalqaro standartlarga mos qilib modernizatsiya qilib beradi”, deb aytmoqda manba.

Manbaning ta'kidlashicha, bu trenajyorlar sotib olinishi bilan aviakompaniyaning uchuvchilarning tayyorgarligi va malakasini takomillashtirish imkoniyatlari yanada oshadi va natijada kompaniya tomonidan amalga oshiriladigan parvozlar xavfsizligi ham oshadi. Fullflight-simulyatorlar haqiqiy parvoz tasvirini to‘liq yaratib beradi va kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelganda uchuvchilarning malakalarini sayqallashga imkon beradi.

Bir necha kun avval aviakompaniya A320 samolyotining yangi to‘liq privodli Fullflight-trenajyorini ishga tushirdi. Bu trenajyor o‘z sinfida eng zamonaviysi hisoblanadi va O‘zbekistonda uchuvchilarni tayyorlashga o‘tish imkonini beradi.

Top