16:33 / 30.11.2015
5080

O‘zbekistonda xalqaro Internet tarmog‘iga ulanish tezligi 80 Gbit/s ga yetdi

2015 yilda O‘zbekistonda xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishda o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2014 yilga qaraganda ikki barobarga ortib, 80 Gbit/s ga yetdi. Tashkil etilgan kanallar tezligi 21,73 esa Gbit/s ga qadar ko‘tarildi.

Bu haqda 30 noyabr kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali texnologiyalarning joriy qilinishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, O‘zbekistonda xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishda o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2010 yilda 2,5 Gbit/s ni tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilda 10 Gbit/s, 2014 yilda esa 40 Gbit/s ga yetdi. Tashkil etilgan kanallar tezligi esa 2010 yildagi 1,27 Gbit/s dan 2014 yilda 11,19 Gbit/s ga qadar oshdi.

Xalqaro Internet kanali tezligi esa 2015 yilda o‘tgan yilga nisbatan 135,2 foizga ortib, 22250 Mbit/s ga yetgan. Shu bilan birga, Xalqaro Internet kanali narxi 26,6 foizga arzonladi va 2014 yildagi 265,79 (Mbit/s)/ dollardan 195,05 (Mbit/s)/ dollarga tushdi.

Top