09:54 / 01.12.2015
4736

“Sokker klub”ning 7-sonida o‘zbek futbolidagi hakamlar mavzusi

“Sport” telekanali orqali oyda bir marta efirga uzatib kelinayotgan “Sokker klub” dasturi bugun – 1 dekabr kuni soat 20:45da efir yuzini ko‘radi. Bunga qadar ko‘rsatuv har oyning so‘nggi kunida namoyish etilayotgandi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, “Sokker klub” dasturi anonsi shanba kunidan boshlab berib borilgan. Yakshanba hamda dushanba kungi dasturlardan esa joy olmagan. Kecha – 30 noyabr kuni efirga uzatilgan “Futbol sharhi” muallifi Zafar Imomxo‘jayev ko‘rsatuv yakunida “Sokker klub” haqida fikr bildirib, dastur 1 dekabr kuni efirga uzatilishini aytib o‘tdi.

Kun.uz saytiga ma'lum qilinishicha, loyihaning bu safargi mehmonlaridan biri Mirshohid Tillaboyev (PFL 1-ligasida 3 yil faoliyat olib borgan, keyin esa noma'lum sabablarga ko‘ra tarqatib yuborilgan “Istiqlol” klubining asoschilaridan biri). Ikkinchi mehmon sifatida o‘zbek futbolida 15 yil faoliyat olib borgan oliy toifali hakam Xolmat Mirzaahmedov.

“Sokker klub”ning 6-soni kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlanganida unda asosan klublarning o‘zaro kelishuv masalasi, futbolchi va murabbiylarning nohalol ishlari qanday yo‘llar bilan amalga oshirilishiga urg‘u berib o‘tilgandi.

Bu safar esa katta ehtimol bilan futbol referilarining kelishilgan o‘yinlardagi ishtiroki ochib beriladi. Ma'lum qilinishicha, Xolmat Mirzaahmedovning o‘zi kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganiga iqror bo‘lgan. Shuningdek, ayrim jamoalar uni “sotib olish” uchun taklif bilan chiqqanliklarini ham ma'lum qilgan.

Dasturda kelishilgan o‘yinlar haqida O‘zbekiston futbol federatsiyasi va Professional futbol ligasidagi kishilar juda yaxshi bilishlari haqida ham so‘z boradi.

Shuningdek, PFL faoliyati tanqidiy ruhda ko‘rsatib o‘tiladi. Bu “Sokker klub”ning 2015 yildagi so‘nggi soni bo‘lishi ham mumkin.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, “Sokker klub”ning 31 oktabr kuni efirga uzatilgan soni kattagina shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, keyinchalik esa “Sport” telekanalidan uning takroriy chiqishlari olib tashlangandi. Bunga nima sabab nima ekanligini ochiqlanmagan.

Top