10:16 / 01.12.2015
4144

Samarqandda “Xalq xori”ning “Qo‘shiqqa muhabbat” deb nomlangan yubiley kechasi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahar hokimligi madaniyat va sport ishlari bo‘limi, Amir Temur madaniyat va aholi dam olish markazi hamda 55-sonli umumta'lim maktabi hamkorlikda madaniyat markazi qoshidagi “Xalq xori”ning tashkil etilganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan “Qo‘shiqqa muhabbat” deb nomlangan yubiley konsertining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kechada xor ijrosi uchun yozilgan mashhur klassik qo‘shiqlar, ko‘pchilikga manzur bo‘lgan ijodiy dastur namoyish qilindi, bundan tashqari, Amir Temur madaniyat va aholi dam olish markazi qoshidagi badiiy havaskorlik jamoalari ushbu ijodiy guruhni unutilmas sana bilan tabriklash uchun o‘zlarining rang-barang chiqishlari bilan tadbirga kelganlarni xushnud etdilar.

Tadbirni Rus milliy markazi raisi Yuriy Ognev tabrik so‘zi bilan ochib, jamoaning ijodiy yo‘liga bir oz nazar tashladi, ular olib borayotgan yorqin ijodiy jarayon to‘g‘risida to‘lqinlanib gapirdi va jamoaga milliy markaz nomidan tayyorlangan tashakkurnomani topshirdi. To‘yga to‘yona degandek, 55-maktabning chet tili o‘qituvchisi “Esperanto” to‘garagini faol qatnashchisi Bahodir Xabibov jamoaga Anatoliy Ionesov tomonidan yozilgan bag‘ishlovni o‘zbek tiliga tarjima qilgan holda o‘zbek va rus tillarida o‘qib berdi. Ijodiy kechada qo‘shiqchi va shoumen Marat Sadikov, mohir raqs ustasi Yodgora Narzullayeva, Alla Dukart va Anatoliy Kuznetsov dueti, 55-maktab o‘quvchisi Bobur Muhiddinov, xushovoz xonandalar Sherzod Tursunov, Salohiddin Oripov, “Do‘stlik” klubining faol ishtirokchisi Roza Shamsutdinovna Rafikovalar o‘z dasturlarni bilan ishtirok etdilar.

Amir Temur madaniyat va aholi dam olish markazi qoshida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Xalq xor” jamoasi, aytish mumkinki, nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizdagi eng keksa xor jamoalaridan. Jamoaning “Xalq xori” unvonnini olganiga bu yil 50 yil to‘ldi. Ijodiy jamoa o‘zining yorqin faoliyati davomida bir necha marotiba shahar, viloyat va respublika miqiyosida o‘tgan turli ko‘rik-tanlovlarda, festivallarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Bu ijodiy faol jamoa, doimo izlanishda repertuariga nazar tashlasangiz, rang-barang, xor ijrosi uchun yozilgan klassik qo‘shiqlardan tortib, zamonaviy qo‘shiqlargacha mavjud. Turli yillarda davomida ijodiy jamoaga Bo‘ri Komilov, Vladimir Mnatsakanov, Serkiy Kananchuk, Sergey Kanonchuk, Alla Papandakulo, Svetlana Klinkova, Nina Bobrova, Elvira Ibragimova, Sergey Kardashov, Lidiya Sidorova, Valeriy Burkovskiy, Irina Doronina, Galina Vulix, Tamara Shaxova, Shodi Maxmudov, Galina Soldatova, Yevdokiya Korniyenko, Inna Legkova, Lyudmila Popova faoliyat ko‘rsatib keldilar. Bugungi kunda Toshkent Davlat konservatoriyasini tamomlagan Xusniya Sattarova ijodiy jamoaga xormeyster, Samarqand san'at bilim yurtini tamomlagan Yelena Petrenko konsertmeysterlik vazifalarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqdalar.

Hozirda jamoa a'zolarining umumiy soni 22 kishidan iborat. Turli sohalarda faoliyat ko‘rsatgan, hozirda keksalik gashtini so‘rayotgan nuroniy, har xil millat vakillaridan iborat turli yoshdagi insonlarni xalq qo‘shiqlariga bo‘lgan muhabbatgina birlashtira olgan.

Ijodiy guruhning repertuariga nazar tashlaydigan bo‘lgangiz rus va o‘zbek kompozitorlari yaratgan asarlar hamda jahon durdonasi bo‘lgan musiqa va qo‘shiqlar borligiga guvoh bo‘lish mumkin. Ijodiy jamoa Samarqand shahrimizning madaniy hayotida munosib o‘rni va salohiyati bor. Har qanday o‘tadigan bayramlar ijodiy jamoasiz o‘tmaydi. Bu Yangi yil tadbiri deysizmi, mustaqillik bayrami, “Navro‘z”, “Vatan himoyachilari” kuni, “Xotira va qadrlash” kuni, Shahar kuni, “Gullar bayram”larini aytib o‘tish mumkin. Ijodiy jamoa har yili Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan joylarda bayramoldi xayriya tadbirlarini o‘tkazishni an'anaga aylantirib bormoqda. Shunday xayriya tadbirlari maktablarda, kollejlarda, xarbiy qismlarda, mehribonlik hamda sahovat uylarida, A.P. Chexov nomida teatrida namoish qilinib kelinmoqda. Mana, 50 yildan buyon ijodiy jamoa o‘z qo‘shiqlari bilan san'atsevar samarqandliklarni xushnud etib kelmoqdalar. Samarqand shahar Amir Temur madaniyat va aholi dam olish markazi qoshidagi “Xalq xor” jamoasi barcha ushbu san'at turini sevuvchilarini o‘z jamoasi safiga taklif etadi. Marhamat, keling, xursand bo‘lamiz!

Ochil Jumanazarov, Samarqand shahar Amir Temur
madaniyat va aholi dam olish markazi direktori
Foto: A. Ivanov
Top