11:52 / 01.12.2015
4823

Toshkentda talonchilik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Toshkent shahrida talonchilik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.

Yashnobod tuman prokuraturasi tergovchisi Huseyn Nasirovning bergan ma'lumotlariga qaraganda, 5 kishidan iborat guruhning barcha a'zolari muqaddam sudlangan bo‘lib, ular turli xonadonlarni kuzatib yurishgan va u yerga o‘g‘rilikka tushishgan. Bunda uy egalariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatib, hayotlariga xavf solishgan.

Guruh rahbari, 1970 yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan Asilbek Valiyev 1995 yilda sudlanib, bir yildan so‘ng amnistiya asosida qamoqdan chiqqan. Shundan so‘ng u o‘z atrofiga Nurmat Siddiqov (1963), Sadir Toshmatov (1972), Abdumo‘min Pardayev (1960) va Anvar Otaxonovni (1959) to‘plab, jinoiy guruh tuzgan.

Birinchi safar guruh Yuqorichirchiq tumani Bordonko‘l QFYda yashovchi N. Rahimov xonadoniga bostirib kirib, 20 mln so‘mlik buyumlar va naqd pullarni olib chiqib ketishgan.
Oradan bir muddat o‘tib, guruh Yashnobod tumani Mo‘ynoq ko‘chasida joylashgan korxonalardan biriga kirib, u yerdan seyfdagi 4 mln, qoplar ichidagi 50 mln so‘m pulni o‘g‘irlab ketishgan.
Jinoiy guruh a'zolariga tegishlicha jazo choralari ko‘rildi.

Top