09:42 / 01.12.2015
2413

Yangi o‘quv yilidan Turkmanistondagi bir qator o‘quv muassasalarida xitoy va yapon tillari o‘qitilishi boshlanadi

2016-2017 yilgi o‘quv mavsumida Turkmanistondagi bir qator maktablar va Oliy o‘quv yurtlarida ikkinchi xorijiy til sifatida yapon va xitoy tillari o‘qitilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda turkmenistan.ru nashrining Ashxoboddagi muxbiri xabar bergan. Xabarda aytilishicha, bu savol Turkmaniston hukumati yig‘ilishida muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, Turkmanistonning xalqaro munosabatlari kengayishi davomida turkmanlarning xorij tillarini o‘rganishi kuchaytiriladi. Prezident bu soha bilan shug‘ullanish vazifasini bosh vazir o‘rinbosari S. To‘yliyev zimmasiga yuklagan.

Saparberdi To‘yliyevning xabar berishicha, Ashxoboddagi 6ta, Balkan viloyatidagi 5ta, Lebaldagi 3ta va Axalsk, Toshhouz hamda Maridagi 2tadan maktabda 5 va yuqori sinf o‘quvchilariga 2016-2017 yilgi o‘quv mavsumida yapon va xitoy tillari o‘qitilishi joriy qilinadi.

Shuningdek, Turkmaniston davlat iqtisodiyot va boshqaruv institutida (dunyo iqtisodiyoti, dunyo moliya bozori va xalqaro axborot biznesi yo‘nalishlari) keyingi o‘quv yilidan xitoy va yapon tillari o‘qitilishi boshlanadi.

Qolaversa, Xalqaro neft va gaz universitetida, Turkmaniston transport va aloqalar davlat universitetida hamda Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universitetida ham bu tillar o‘qitilishi joriy qilinishi nazarda tutilgan.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxammedov 18 sentabr kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida barchaning e'tiborini milliy ta'lim sohasiga qaratgandi va Turkmanistonning Xitoy hamda Yaponiya davlatlari bilan aloqalari mustahkamlanishi barobarida qo‘shma loyihalarda ishtirok etuvchi mahalliy mutaxassislar tayyorlanishi kerakligini ta'kidlagandi.

Top