23:45 / 02.12.2015
3208

“Toshkent-Aero” bojxona majmuasida 10 oy davomida 1,7 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari ushlab qolindi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona majmuasi xodimlari va boshqa huquq-tartibot muassasalari xodimlari tomonidan havo yo‘nalishlari orqali oltin va zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirish va olib chiqib ketishning oldini olish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

2015 yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida “Toshkent-Aero” bojxona majmuasi xodimlari va boshqa huquq-tartibot muassasalari xodimlari tomonidan bojxona qoidalarining 12 ta buzilishi holati fosh etildi, umumiy qiymati 1,7 mlrd so‘mni tashkil qiluvchi 38,2 kg oltin va zargarlik buyumlarini noqonuniy tashishning oldi olindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan aksiz solig‘i solinmay olib kiriladigan tovarlarning miqdoriy cheklangan normalariga ko‘ra, O‘zbekistonga aksiz solig‘iga tortmay turib umumiy og‘irligi 30 grammdan oshmaydigan qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan 5 ta zargarlik buyumi olib kirishga ruxsat etiladi. Bundan tashqari, Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotganda deklaratsiyaning 5-bandida qimmatbaho buyumlarning mavjudligi va aniq soni ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qaroriga ko‘ra oltin va zargarlik buyumlarini respublikadan eksport qilish Vazirlar Mahkamasining ko‘rsatmasi bo‘yicha Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi litsenziya orqaligina amalga oshiriladi.

Top