18:24 / 02.12.2015
4571

Lavrov Turkiya TIV rahbari bilan uchrashishga rozi bo‘ldi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiya TIV rahbari Mavlyut Chovusho‘g‘li bilan uchrashishga rozi bo‘lgan. Bu haqda meduza.io xabar berdi.

Lavrovning o‘zi tomonidan bildirilishicha, Turkiya tomoni 3-4 dekabr kunlari Belgrad shahrida o‘tkaziladigan YeXHT davlatlarining Tashqi ishlar vazirlari kengashi vaqtida o‘zaro uchrashuv tashkil qilish taklifini bildirgan.

"Biz bunday aloqaga kirishishdan qochmaymiz. Janob Chovusho‘g‘lining bizga nima demoqchiligini eshitmoqchimiz. U biron yangi gap aytarmikan?", degan Lavrov.

Rossiya Turkiyadan Su-24 samolyotini urib tushirgani uchun uzr so‘rashni talab qilishda davom etmoqda. Turkiya samolyotni o‘z havo kengliklarini buzib o‘tgani uchun urib tushirganini ta'kidlamoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi esa voqea yuz bergan 24 noyabr kunida Su-24 samolyoti faqat Suriya osmonida harakatlanganini bildirgan.

Turkiya tomoni uzr so‘ramasligini bildirgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an uzr so‘rashi kerak bo‘lgan tomon aslida Rossiya ekanini aytgan. Lekin u Rossiyaga Su-24 samolyoti halokati munosabati bilan hamdardlik izhor etgan.

Erdo‘g‘an bu hodisa yuz berganidan keyin telefon orqali Rossiya prezidenti bilan gaplashish uchun bir necha marta urindi, lekin go‘shak ko‘tarilmadi. Shuningdek, u Parijdagi Iqlimiy sammit doirasida Putin bilan uchrashish istagini bildirdi, lekin bunday uchrashuv o‘tkazilmadi.

Top