10:57 / 02.12.2015
6392

Toshkentda imkoniyati cheklanganlarga nogironlik aravachalari topshirildi

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi muruvvat yo‘nalishida xayriya tadbirlarini amalga oshirish, o‘z Nizomi hamda Davlat dasturlarining ijrosini ta'minlash maqsadida Respublikamizdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylari, maxsus-maktab internatlari tarbiyalanuvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun dori-darmon, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat, nogironlik aravachalari, sport inventarlaridan iborat muruvvat yordamlarini topshirib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 fevraldagi PQ-2302-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturining 26-bandiga muvofiq, Keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarning yordamchi va reablitatsiya texnika vositalari bilan ta'minlanganligini oshirish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek 1000ta nogironlar aravachasi va ortopedik anjomlar ajratish borasida “Sog‘lom avlod uchun” fondi bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Mazkur xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida, 2015 yilning 2 dekabr kuni soat 11:00da “Sog‘lom avlod uchun” fondi Majlislar zalida (Toshkent shahri Istiqbol ko‘chasi 15-uy, mo‘ljal: “Bahor” restorani) Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir doirasida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus nogironlik aravachalari va uning ehtiyot qismlari, yurish moslamalari hamda qo‘ltiqtayoqlar topshiriladi. Taqdim etilgan nogironlik aravachalari va yurish moslamalari Germaniyaning “Tovarishch – Helf for Children” xalqaro tashkilotidan hamda qo‘ltiqtayoqlar Koreya Respublikasining “Siloam Center for the Blind” tomonidan yuborilgan.

Fondning muruvvat yo‘nalishidagi asosiy xalqaro hamkorlaridan biri hisoblangan “AmeriCares” xalqaro tashkiloti bilan 19 yil mobaynida hamkorlik qilib kelinadi. Birgina 2015 yilning davriga qadar xalqaro tashkilotlar tomonidan 25ta muruvvat yuklari qabul qilingan bo‘lsa, shundan, 17tasi AQShning “AmeriCares” xalqaro tashkiloti tomonidan yuborilgan. Ushbu tashkilot tomonidan joriy yilda umumiy qiymati 25 207,4 AQSh dollariga teng bo‘lgan 550ta nogironlar aravachalari yuborilgan bo‘lib, bugungi kunda fond va uning hududiy filiallari orqali kam ta'minlangan oila farzandlari hamda imkoniyati cheklangan fuqarolarga topshirilmoqda va biz bugun buning guvohi bo‘ldik.

Ushbu xalqaro tashkilot tomonidan 2010-2015 yillar davomida jami 3300 dona nogironlik aravachalari yuborilgan bo‘lib, ular joylardagi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish va Sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Xotin-qizlar qo‘mitalari va “Mahalla” fondi bo‘limlari orqali tarqatildi.

Bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakillari ishtirok etdi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ushbu xayriya tadbirini amalga oshirishda yaqindan yordam bergan barcha tashkilot va homiylarga hamda ommaviy axborot vositalariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Top