18:28 / 03.12.2015
2872

“Lukoyl” O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmini 9 oy ichida 26 foizga oshirdi

Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi 2015 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmini oshirdi. Bu haqda kompaniya taqdim etgan ma'lumotlarga asoslanib Uzdaily.uz xabar bermoqda.

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi 2015 yilning 9 oyi davomida 2014 yilning xuddi shu davriga nisbatan 26 foizga o‘sib, sutkasiga 78,4 ming barrel neft ekvivalentiga yetgan. 2014 yilning to‘qqiz oyi davomida Rossiya kompaniyasi sutkasiga 62,4 ming barrel neft ekvivalentiga teng hajmda gaz qazib olgan.

“O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmining o‘sishi o‘tgan 3 oy ichida “Qandim – ilk gaz” loyihasi (Shimoliy Shodi va Quvachi, Olot konlari uchastkasi)ning ishga tushirilishi hamda Gissar loyihasidagi gaz quduqlari samaradorligining oshirilishi hisobiga qayd etildi”, - ma'lum qiladi “Lukoyl”.

Shuningdek, O‘zbekistonda razvedka va qazib olish uchun ajratilayotgan kapital hajmi 2014 yil yanvar-sentabr oylaridagi 549 million dollardan 2015 yilning to‘qqiz oyida 759 millon dollarga oshdi. O‘sish ko‘rsatkichi 38,25 foizni tashkil etdi.
Kompaniya 2020 yilga qadar O‘zbekistonda gaz qazib olish miqdorini yiliga 17-18 milliard kub metrga yetkazishni rejalashtirgan.

Top