17:53 / 03.12.2015
4704

“O‘zbekenergo” AJ Taxiatosh IES modernizatsiyasi bo‘yicha 678,2 mln dollarlik tender e'lon qildi

“O‘zbekenergo” aksionerlik jamiyati Taxiatosh issiqlik elektrostansiyasida ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurilishi loyihasi bo‘yicha bosh pudratchini tanlash yuzasidan tender savdolari to‘g‘risida e'lon qildi.

Kompaniya saytida qayd etilishicha, tender takliflari 2016 yilning 2 martiga qadar qabul qilinadi. Shartnomaning boshlang‘ich bahosi haqida xabar qilinmagan.

Tanlov g‘olibi Taxiatosh IESda har biri 230-280 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmasini bunyod etishi, eski bloklarni muomaladan chiqarib, har birining quvvati 250-280 MVt bo‘lgan yana ikkita bug‘-gaz qurilmasini tayyor holatda foydalanishga topshirishi lozim. Modernizatsiya muddati — besh yil.

Loyiha qiymati 678,2 mln dollarni tashkil etadi. Loyiha Osiyo taraqqiyot bankining 300 mln, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondining 230,7 mln dollarlik kreditlari hamda “O‘zbekenergo” AJ ning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Ayni paytda Taxiatosh IES energobloklarining quvvati 730 MVtga teng. Bu yerda birinchi blok 1956 yilda, oxirgisi esa 1967 yilda ishga tushirilgan.

Top