21:45 / 03.12.2015
2354

Blatter FIFAning faxriy prezidenti bo‘lmoqchi

Yozef Blatter FIFAning faxriy prezidentligi o‘rnini egallamoqchi. Bu haqda uning maslahatchisi Klaus Shtolkerga asoslanib, TASS nashri xabar bergan.

"U FIFAning faxriy prezidentligi uchun saylanishga urinib ko‘radi", degan Shtolker.
79 yoshli Blatter 29 may kuni FIFA prezidentligiga beshinchi marta saylangan, 4 kun o‘tib o‘z lavozimini muddatidan oldin tark etishi haqida ma'lum qilgandi.

Noqonuniy ravishda pul o‘tkazmalari sabab Blatter va Platini oktabr oyi boshida 90 kunga futboldagi faoliyatidan chetlashtirilgandi.

Hozirda uning o‘rniga tashkilotni Afrika futbol konfederatsiyasi rahbari Issa Hayatu boshqarib turibdi. Prezidentlik saylovi 2016 yilning 26 fevralida o‘tkaziladi. Unda Blatter ham, uning o‘rinbosari sifatida qaralgan Mishel Platini ham ishtirok eta olmaydi.

Qayd etish kerakki, bundan oldingi faxriy prezident Joao Avelanj 2013 yilning aprelida sog‘lig‘idagi muammolar tufayli lavozimini tark etgandi. U 1974 yildan 1998 yilgacha FIFA prezidenti bo‘lgan.

Top