20:12 / 03.12.2015
5006

Fotojosuslar mitti Chevrolet elektrokarini “tuzoq”qa tushirishdi

Internetda hozircha Bolt deb nomlanayotgan yangi Chevrolet turkum elektromobilining o‘g‘rincha fotosuratlari paydo bo‘ldi. Avtomobil uning dunyo namoyishi bo‘lib o‘tadigan Las-Vegasdagi CES iste'mol elektronikasi ko‘rgazmasi arafasida kamuflyajsiz holatida tasvirga olingan.
Yangilik 2015 yilning yanvar oyida Detroytdagi motorshouda namoyish etilgan Chevrolet Bolt kontsept-kari motivlari asosida bunyod etilgan. Biroq bunda ishlab chiqilgan avtomobil va prototip dizayni o‘rtasida bir qancha jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin. Masalan, asosiy faralar va orqa tirgak shakli o‘zgargan bo‘lib, ularning uslubi BMW i3 detallariga aynan o‘xshab ketadi.
Elektromobilning texnik xususiyatlari hozircha sir tutilmoqda. Faqatgina avtomobil Janubiy Koreyaning LG markasi bilan hamkorlikda yaratilayotgani ma'lum. LG quvvat qurilmasi detallarining katta qismini taqdim etmoqda: elektromotor kompaniyaning shaxsiy ishlanmasi asosida yaratilgan. Bundan tashqari akkumulyatorlar jamlanmasi, inverter, batareyalarni quvvatlash va ularni qizitish tizimi LG`ga tegishli. Shuningdek, iqlim nazorati va multimedia kompleksi ham LG tomonidan taqdim etiladi.
Yangi avtomobil bir martalik quvvat bilan 320 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. batareyalarni harakat vaqtida quvvatlantiradigan, BMW i3 kabi modellarda qo‘llanilayotgan ichki yonuv dvigatelli modifikatsiyadan foydalanish rejalashtirilgani yo‘q.
Elektrokar Michigandagi zavodda yig‘iladi. Uning bahosi 30 ming dollar atrofida bo‘lishi aytilmoqda. 2017 yil boshidan mazkur avtomobil AQShning 50ta shtatidagi dillerlarga yetib boradi.

Top