08:56 / 03.12.2015
9936

New York Times: IShID jangarilarini yo‘qotmoqda hamda Suriya va Iroqdagi aholining qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘lmoqda

IShID terrorchilik guruhi borgan sari zaiflashib bormoqda hamda Suriya va Iroqdagi sunniy aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlovni yo‘qotmoqda. Yolg‘on tashviqotlar bilan aldangan ko‘pchilik odamlar IShID aslida xalqqa katta soliqlar soluvchi uyushgan jinoiy guruh ekanligini anglamoqdalar. Bu haqda The New York Times gazetasida chop etilgan tahliliy maqolada aytilgan.

Gazeta IShIDning soliqlari va vahshiyliklaridan qochib Turkiyaga kelgan va u yerdan Gretsiyaga, so‘ngra Yevropa davlatlariga borish ilinjida bo‘lgan qochqinlar bilan suhbatdan shunday xulosaga kelmoqda. “Biz ular Suriyadagi tuzumdan xalos bo‘lishni istamoqdalar deb o‘ylagandik, aslida esa ular oddiy qaroqchi va o‘g‘rilar bo‘lib chiqdi”, deb aytmoqda IShID tomonidan bosib olingan Suriyadagi neft quvuri nasos qurilmasida ishlab, katta maosh olgan qochqinlardan biri.

Boshqa bir qochqin rafiqasi va uch farzandini IShIDga tegishli Suriyadagi hududlardan Turkiyaga o‘tkazib qo‘yish uchun kontrabandachilarni yollaganini aytmoqda. Uning aytishicha, IShID barcha maktablarni yopib qo‘ygan, bolalar hech qayerda ta'lim ololmaydilar va katta pulga qaramasdan o‘zining Suriyadagi ona shahridan Iroqqa borib ishlash istiqboli uni xursand qilmayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Gazetaning baholashicha, IShID Rossiya va AQSh boshchiligidagi koalitsiya zarbalaridan sezilarli talofatlar ko‘rmoqda. “Bir nechta davlatlarning havo hujumlari hamda kurd va shia isyonchilarining hujumi jangarilarga talofat yetkazmoqda. Ba'zi jangarilarning maoshi qisqartirilgan bo‘lsa, boshqalari qochib, yashirinishga urinmoqda”, deb hisoblamoqda gazeta.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, IShIDning neft sotishdan oladigan daromadlari sekin-asta kamayib bormoqda. Shuning uchun uchun jangarilar aholiga katta soliq solmoqda. Terrorchilarning hozirdagi asosiy muammosi – ularga tajribali mutaxassislar, birinchi navbatda, neftchilar, elektriklar va muhandislarning yetishmasligi hisoblanadi. Ularsiz butun infratuzilma va hayot ta'minoti izdan chiqadi, IShID davlatini tashkil etish g‘oyasi esa puchga aylanadi. Gazetaning fikricha, Misrda Rossiya samolyotiga hujum va Parijdagi teraktlar terrorchilik guruhining ayanchli holatini berkitish maqsadida amalga oshirilgan.

Top