15:10 / 03.12.2015
5314

O‘zbekistonda jamoat transportlarida ogohlikka chaqirilmoqda

Parijdagi turkum teraktlardan keyin O‘zbekistonda jamoat transportlarida ogohlikka chaqiruvchi eslatmalar paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmatining xabar qilishicha, respublikamizda avtotransport xavfsizligini, jumladan, avtovokzal va avtostansiyalarda yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida joriy yilning 18-20 noyabr kunlari agentlikning barcha viloyat hududiy bo‘limlarida tashuvchi korxonalar, avtovokzal, avtostansiyalar hamda avtobus va taksi saroylari rahbarlari, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda ichki ishlar organlarining mas'ul xodimlari ishtirokida seminar-yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirlarda yo‘nalishlarga chiqarilayotgan transport vositalarining texnik holatiga alohida ahamiyat berish va nosoz transport vositalaridan yo‘lovchi tashishda foydalanmaslik, avtotransport korxonalari va yonilg‘i quyish shoxobchalari hududiga begona shaxslarni kiritmaslik, avtotransport vositasida yoki avtovokzal, avtostansiyalarda shubhali shaxs va yuklar aniqlangan hollarda haydovchi yoki avtovokzal, avtostansiya xodimi tomonidan ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritilib, yig‘ilganlarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, haydovchilarga – avtotransport vositasida shubhali narsa-buyum borligi ma'lum bo‘lgan taqdirda zudlik bilan yo‘lovchilarni salondan tushirib, transport vositasini xavfsiz joyga olish va militsiya organlariga xabar berish lozimligi eslatib o‘tildi, korxonalar rahbarlariga esa maxsus yig‘ilishlar tashkil qilib, haydovchilarga yo‘lovchilar yoki omma orasida qonunga xilof xatti-harakatlar, turli diniy tusdagi da'vatlar, odam savdosi, terrorchilik va qo‘poruvchilik alomatlari kuzatilganda darhol bundan militsiya organlarini ogoh qilish kerakligini tushuntirish, haydovchilarning yo‘l harakati xavfsizligi talablariga qat'iy amal qilinishini ta'minlash, shuningdek xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etildi.

O‘tkazilgan seminar-yig‘ilishlar doirasida ularning ishtirokchilariga avtotransport va yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash nuqtai nazaridan ishlab chiqilgan qo‘llanma va yo‘riqnomalar tarqatilib, tashuvchilarga har bir haydovchi va xizmatchilarni ushbu materiallar bilan tanishtirish, har bir avtobus, mikroavtobus va yengil avtomobillar saloniga ilova qilinayotgan targ‘ibot chaqiriqlarini joylashtirish vazifasi yuklatildi.

Top