08:17 / 03.12.2015
4223

«Real» Cherishevni diskvalifikatsiyasi bor holida Ispaniya Kubogi o‘yiniga tushirgani uchun chetlatilishi mumkin

"Real"ga Ispaniya kubogidan chetlatilish jazosi tahdid solmoqda. Jamoa 2 dekabr oqshomida bo‘lib o‘tgan "Kadis"ga qarshi o‘yinda diskvalifikatsiyasi mavjud Denis Cherishevni maydonga tushirgan.

Ma'lumotlarga qaraganda, Rossiya terma jamoasi yarim himoyachisi o‘tgan mavsumda "Vilyarreal" tarkibida Ispaniya kubogi doirasida uchinchi sariq kartochkasini olgan va bitta o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. U o‘tkazib yuborishi kerak bo‘lgan o‘yin aynan "Kadis"ga qarshi bahsga to‘g‘ri kelgandi.

Reglamentga ko‘ra, agar "Kadis" klubi bugun mahalliy vaqt bilan 14:00gacha shikoyat bilan murojaat qilsa, "Real" Ispaniya kubogidan chetlatiladi.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday qoidabuzarlik tufayli o‘tgan mavsumda "Osasuna" Copa Del Rey'dan diskvalifikatsiyaga uchragandi. O‘shanda osasunaliklar Unai Garsiyani diskvalifikatsiyasi bor holda o‘ynatishgandi.

"Kadis" va "Real" o‘rtasidagi uchrashuvda madridliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Denis Cherishev hisobni ochgan bo‘lsa, Isko dublga erishgan. Cherishev birinchi taymdan keyin maydonga qaytmagan, uning o‘rniga Mateo Kovachich tushirilgan.

Top