18:31 / 03.12.2015
7781

Yurak parogi bilan og‘rigan 6 yoshli Hasanjon Rahimjonovga yordam uchun xayriya o‘yini o‘tkaziladi

Shampionat.asia sayti sog‘lig‘ida muammo yuzaga kelgan Hasanjon Rahimjonovga moddiy yordam berish maqsadida, navbatdagi xayriya aksiyasi haqida e'lon berdi.

Yurag parogi xastaligi bilan og‘riyotgan Hasanjon Rahimjonovga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinyapti. U to‘la sog‘ayib ketishi uchun Hindistonda operatsiya qilinishi kerak. Uning egizagi Husanjon Rahimjonov go‘dakligida hayotdan ko‘z yumgan.

"Turli saytlarda Ronaldo, Zidan, Bekxem va Figo kabi futbol yulduzlari xayriya shou o‘yinlarini o‘tkazishlari haqida ko‘p bora o‘qiymiz. Baxtimizga, bizning futbolchilarimiz ham mana shunday tadbirlarni bee'tibor qoldirishmaydi.

Shuning uchun, bu safargi tug‘ilgan kunimiz Hasanjonga bag‘ishlanadi va unda Temur Kapadzening do‘stlari Odil Ahmedovning do‘stlariga qarshi bahs olib boradi.

Xayriyadan tushadigan barcha pullar bemorga taqdim etiladi. Agar sog‘lig‘i ko‘tarsa, uchrashuvdagi ilk to‘pni aynan Hasanjon va uning 4 yoshli ukasi Imombek maydonga kiritib berishadi", deyiladi xabarda.

Uchrashuv 23 dekabr kuni Toshkentdagi "O‘zbekiston" sport arenasida, soat 12:00da boshlanadi. Unda SA sayti o‘quvchilari ham tomoshabin sifatida ishtirok etishlari mumkinligi aytilgan. Tanaffus paytida sayti o‘quvchilari uchun shou o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hozircha bu loyihani "Lokomotiv" futbol jamoasi va O‘zbekiston Futzal Assotsiatsiyasi qo‘llab-quvvatlagan. O‘z navbatida boshqa klublardan ham loyihada ishtirok etishlarini so‘rab qolinadi.

Ma'lum qilinishicha, shu kunlarda Hasanjon uchun maxsus hisob raqami ochiladi. Telefon raqamlari haqida ham shundan keyin batafsil ma'lumot beriladi.

Top