17:26 / 04.12.2015
40633

7 dekabr - dushanba kimlar uchun dam olish kuni emas?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015 yil 5 dekabr shanba — dam olish kunini 2015 yil 7 dekabr dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unga ko‘ra, 2015 yil 5 dekabr shanba dam olish kuni 2015 yil 7 dekabr dushanba kuniga ko‘chirilib, 2015 yil 5 dekabr shanba kuni ish kuni deb e'lon qilindi.

Biroq Kun.uz tahririyatiga ushbu masalada ko‘plab savollar kelib tushdi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan bog‘lanib, masalaga oydinlik kiritdik.

Demak, 2015 yil 7 dekabr dushanba kuni olti kunlik ish haftasiga ega xodimlar uchun dam olish kuni emas. Ularning 2015 yil dekabr oyi uchun belgilangan ish me'yori o‘zgarishsiz qoladi. Besh kunlik ish haftasiga ega, shanba va yakshanba dam olish kuni bo‘lgan ishchi-xodimlar esa ushbu sanada hordiq chiqarishlari mumkin. 2015 yil 5 dekabr O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 121- moddasi talablariga muvofiq kelmagani, ya'ni shanba bayram arafasi sanalmagani uchun 2015 yil dekabr oyi uchun belgilangan ish me'yori 1 soatga uzaytiriladi. Mos ravishda 2015 yilning to‘rtinchi choragi, 2015 yilning yarim yilligi va to‘liq 2015 yil uchun belgilangan ish me'yori ham bir soatga uzaytiriladi.

Shuningdek, Mehnat vazirligi ta'lim muassasalari, xususan oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun dushanba — 7 dekabr kuni dam olish kuni emasligini, o‘quv jarayonlari belgilangan tartibda o‘tkazilishini ma'lum qildi.

Top