18:27 / 04.12.2015
4989

Fotoreportaj: Chennai aholisi ko‘kragigacha suv ostida qolib ketdi

Hindistonning kattaligi jihatidan to‘rtinchi shahri bo‘lmish Chennai (Tamilnad shtati markazi, eski Madras) kuchli yog‘ingarchilik oqibatida suv ostida qolib ketdi. Voqea joyidan tushirilgan suratlar bir qator onlayn nashrlardan, jumladan, Emirates247 portalining Facebook’dagi sahifasidan o‘rin oldi.

Ularda ko‘rinishicha, odamlar uylariga yetib olish uchun ko‘kraklarigacha suv ichida ko‘cha kesib o‘tishga majbur bo‘lgan. Ular orasida bolali ayollar ham bor.

Oxirgi yillarda kuzatilgan eng kuchli yog‘ingarchilik oqibatida mintaqada 280 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Bir necha soat davom etgan jaladan so‘ng shahar ko‘chalari suvga to‘ldi.
Ayni paytda, yomg‘ir tingach, odamlar joniga bo‘lgan xavf bartaraf etilgan, deb yozmoqda mahalliy matbuot.

“Yomg‘ir hozir muammo emas, lekin to‘lib-toshib ketgan 30ta ko‘l va daryo shaharning to‘rt tumanini suv ostida qoldirmoqda”, - xabar beradi Reuters agentligi.

Top