10:08 / 04.12.2015
2256

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Belarus bilan o‘yinlarda bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etdi

2-3 dekabr kunlari futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Minsk shahrida Belarus terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi.

“Mapid” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yinda mezbonlar 4:2 hisobida g‘alaba qozonishgandi.

Bu ikki terma jamoa o‘rtasidagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvi 3 dekabr kuni Borisov shahrida o‘tkazildi. Unda Xose Mariya Mendez murabbiyligidagi o‘zbekistonliklar 5:3 hisobida g‘alaba qilishgan.

O‘rtoqlik uchrashuvlari har ikki terma jamoa uchun jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi qit'a chempionatlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.

O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatining saralash guruh bosqichida Saudiya Arabistoni, Livan va Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushadi. Belarus terma jamoasi esa Yevropa chempionatining saralash guruh bosqichida Xorvatiya (10 dekabr), Ozarbayjon (11 dekabr) va Shvetsiya (13 dekabr) bilan hisob-kitob qiladi.

Yevropa chempionatining final bosqichi Xorvatiyaning Osiyek shahrida o‘tkaziladi. Osiyo chempionati esa 10-21 fevral kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Qur'aga ko‘ra o‘zbekistonliklar A guruhidan Livan, Qirg‘iziston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bilan birgalikda o‘rin olgan.

Kecha O‘zbekiston terma jamoasi delegatsiyasi Minsk shahridan Moskvaga, u yerdan Dohaga yo‘l oldi. 5-10 dekabr kunlari Qatar poytaxtida yig‘in va ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish rejalashtirilgan.

Top