20:24 / 04.12.2015
2359

Qirg‘izistonda 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida fuqarolarni identifikatsiya qilish uchun biometrik ID-kartalar ishlatiladi

Qirg‘izistonda 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida fuqarolarni identifikatsiya qilish uchun biometrik ID-kartalar ishlatiladi. Bu haqda 4 dekabrda Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasining yig‘ilishida Qirg‘iziston davlat ro‘yxatga olish xizmati raisi o‘rinbosari Doston Do‘g‘oyev ma'lum qildi.

Do‘g‘oyevning aytishicha, aholining yagona qayd etish tizimini yaratishni rivojlantirish uchun tizimni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Davlat organlari foydalana olishlari mumkin bo‘ladigan yagona markazlashtirilgan elektron ma'lumotlar bazasini yaratish taklif qilinmoqda.

“Misol uchun, agar biz elektron xizmat portalini tatbiq qilsak, unda biror shaxs qayd qilish tizimiga kira oladi. Shuningdek, operator, misol uchun pasport olish uchun barcha ma'lumotlarni o‘zi topa oladi. Yagona elektron tizim yordamida fuqaro pasport oladi, 18 yoshga yetgandan keyin esa uning ma'lumotlari saylovchilar haqidagi ma'lumotlar bazasiga kiritiladi. U shu ID-kartadan saylov kuni identifikatsiya uchun foydalanishi mumkin bo‘ladi”, deb aytmoqda Do‘g‘oyev.

“Biometrik pasportlar xususida aytadigan bo‘lsak, unda bu taxminan shunday ko‘rinishda bo‘ladi – mening barmoq izlarim ID-kartadagi chipda saqlanadi. Saylov paytida barmoq izi mening pasportimdagi chipdagi barmoq izim bilan solishtiriladi. Bu tizimdan hozirda butun dunyoda foydalanilmoqda”, deb qo‘shimcha qildi Do‘g‘oyev.

Top