16:31 / 05.12.2015
7355

Jizzaxda yiliga 2,5 mln juft paypoq mahsulotlari tayyorlaydigan yangi korxona ishga tushirildi

2015 yilning 5 dekabr kuni Jizzax shahrida paypoq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “JIZZAX GRAND TEXTILE” MChJ korxonasining ochilishi marosimi bo‘ldi. Bu haqda Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligi arafasida Jizzax shahrida ishga tushirilgan yangi sanoat korxonasining ochilish marosimiga viloyat hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, faxriylar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari to‘plandilar.

Yillik quvvati 2,5 mln juft paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega “JIZZAX GRAND TeKSTIL” MChJni ishga tushirish uchun korxona rahbariyati 400 ming AQSh dollari miqdoridagi o‘z mablag‘i va “Asakabank” tomonidan ajratilgan 868 550 AQSh dollari miqdoridagi kreditdan foydalandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov 2013 yilda Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida barcha sohalar qatori yengil sanoatni rivojlantirish, o‘zimizda yetishtirilgan paxta xom ashyosini qayta ishlashni tashkil etishning mustahkam asoslari borligi yuzasidan qimmatli maslahatlarini bergan edi. Ushbu tavsiyalar asosida Jizzax viloyati sanoat salohiyatini oshirish bo‘yicha 2013 – 2016 yillarga mo‘ljallangan manzilli dastur ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra 2016 yilga qadar umumiy qiymati 1,4 trillion so‘mlik 802 ta, shu jumladan, yengil sanoat sohasida qiymati 503 mlrd so‘mlik 231 ta loyihalarni amalga oshirish tadbirlari belgilangan. Bugungi kungacha mazkur Dastur doirasida qiymati 515 mlrd. so‘mlik 444 ta loyihalar amalga oshirildi. Mazkur loyihalarning 107 tasi yengil sanoat korxonalaridir.

- Shu ma'noda, 60 nafar yangi ish o‘rniga ega bo‘lgan, bir yilda 2,5 million juft paypoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu sanoat korxonasi hududlarda aholini, xususan kollej bitiruvchilarini doimiy ish bilan ta'minlashga qaratilgan tadbirlarimizning samarasi sifatida e'tirofga sazovordir, dedi korxonaning ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnora To‘rayeva. Mazkur korxonaning o‘zida bugungi kunda ishga joylashganlarning qariyb yarmi kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlardan iboratdir.

Eng muhimi, loyiha qiymati 1 mln 268 ming 550 AQSh dollari bo‘lgan mazkur korxonaning Xitoy kabi yetakchi mamlakatda ishlab chiqarilgan 102 ta zamonaviy uskuna bilan ta'minlanganligi kelajakda mazkur korxona mahsulotlarining nafaqat ichki iste'mol uchun, balki eksport qilish imkoniyatlarini ham mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi.

Shu kuni ramziy bog‘ich qirqilgach mehmonlar korxonada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Top