11:44 / 06.12.2015
2115

Armanistonda konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha referendum boshlandi

Armaniston fuqarolari respublika konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilishiga o‘z munosabatlarini bildirishlari kerak bo‘ladigan referendum boshlandi. Bu haqda "RIA Novosti" axborot agentligi xabar tarqatdi.

Armanistonda bugun mahalliy vaqt bilan soat 07:00da deyarli 2 mingta saylov uchastkalari ochildi. Ovoz berishlar kechki soat 20:00ga qadar davom ettiriladi.

Armenia Today ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Armanistonda saylash huquqiga ega fuqarolar soni 2 mln 550 ming 323 kishini tashkil etadi.

Mamlakat bosh qonunidagi "Referendum haqida"gi 35 moddada yozilishicha, yangi hujjatning qabul qilinishi uchun saylovchilarning kamida 25 foizi uni ma'qullashi kerak bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy islohot Armanistonning boshqaruvning parlament shakliga o‘tishini nazarda tutadi.

Islohot loyihasiga ko‘ra, Armaniston prezidenti chegaralangan vakolatlarga ega bo‘ladi hamda umumiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish natijalariga ko‘ra emas, balki parlament deputatlari tomonidan saylanadi. Prezident vakolatlari muddati hozirdagi 5 yil o‘rniga 7 yil bo‘lishi va shu bilan birga fuqaro bu lavozimni takroran egallash huquqiga ega bo‘lmasligi nazarda tutilgan.

Hozirda Armanistonda 1995 yil 5 iyulda qabul qilingan va 2005 yil 27 noyabrda o‘zgartirishlar kiritilgan konstitutsiya amal qiladi.

Top