19:44 / 06.12.2015
6319

Turkiya Rossiyaning iqtisodiy sanksiyalaridan Rossiya xalqi ham ziyon ko‘rishini aytmoqda

Turkiya Rossiya hukumati Su-24 harbiy samolyoti urib tushirilgandan keyin Turkiyaga nisbatan kiritgan iqtisodiy sanksiyalarini qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblamoqda. Bu haqda TASS axborot agentligi ma'lum qildi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu Vladimir Putin tomonidan imzolangan Turkiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llash haqidagi farmon haqidagi savolga izoh berib o‘tdi.

“Kiritilgan sanksiyalarni davlatlarimiz manfaati va kelajagi yo‘lida qayta ko‘rib chiqish va ularni zudlik bilan bekor qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz”, deb aytdi Chovusho‘g‘lu.

Chovusho‘g‘luning ta'kidlashicha, iqtisodiy choralar ikkala davlatning ham iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va bu sanksiyalardan Rossiya xalqi ham Turkiya xalqidan kam bo‘lmagan darajada ziyon ko‘radi.

“Iqtisodiyot va savdo bizning ikki tomonlama munosabatlarimizda doimo alohida o‘rin tutgan. Bo‘lib o‘tgan noxush voqea sababli ko‘p yillik sa'y-harakatlar natijasida mustahkam asosga ega bo‘lgan munosabatlarimizga ziyon yetkazishga imkon berish noto‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblaymiz”, deb ta'kidlab o‘tdi vazir.

Chovusho‘g‘luning aytishicha, keskinlikni kuchaytirish o‘rniga bu davrni bosiqlik bilan bosib o‘tib, munosabatlarni avvalgi holiga qaytarish kerak.

Top