18:51 / 07.12.2015
24778

7.2 balli zilzila Sarez ko‘li yaqinida sodir bo‘ldi

Bugun, 7 dekabr kuni, Tojikistonda magnitudasi 7.2 balga teng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. U qo‘shni O‘zbekistonda ham aks sado berdi: Toshkentda, Farg‘ona vodiysi va Qashqadaryoda 3.5-4 balli silkinishlar qayd qilindi.

Zilzilaning episentri Pomirda, Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati hududida ekanligi Yevropa O‘rta Yer dengizi Seysmologiya markazi tomonidan xabar qilindi. Unga eng yaqin aholijoy Murg‘ob bo‘ldi (89 km). Tabiiy ofat chuqurligi 10 km ni tashkil etdi.
Aniqlanishicha, zilzila markazi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumanida, Sarez ko‘liga ancha yaqin hududda sodir bo‘lgan.

1911 yil 18 fevralida Pomirda sodir bo‘lgan fojiali zilzila oqibatida Murg‘ob daryosiga 2 kubometr hajmli 550 m balandlikdagi ko‘chki tushdi. Usoy qishlog‘i butun aholisi bilan tog‘ jinslari uyumi ostida qolib ketdi. Bir necha yillardan so‘ng ushbu tabiiy to‘g‘on ortida suv to‘planib, Sarez qishlog‘ini g‘arq qilib yubordi. Shu tariqa Pomir xaritasida ikkita yangi obekt – Usoy to‘g‘oni va Sarez ko‘li hosil bo‘ldi.
Sarez muammosi o‘shandan buyon dolzarbligicha qolmoqda. Tegishli institut va muassasalar xavfsizlik ta'minoti bo‘yicha ko‘plab loyihalar ishlab chiqqan. Bugungi kunga qadar ekologlar va ekspertlar Tojikiston hukumatini Sarez tahdidini bartaraf qilish choralarini ko‘rishga chaqirib kelmoqda. Bu yo‘nalishdagi oxirgi yirik tadbir 2014 yil 23 dekabrida Moskvada o‘tkazildi.
Soha mutaxassislaridan biri, moskvalik tahlilchi va jurnalist Andrey Zaxvatov bugun bo‘lib o‘tgan zilzilaga munosabat bildirib o‘tdi.

“Bugun Pomirda bo‘lgan yer osti silkinishlari juda xavfli, - deb yozdi u Facebook sahifasilarida muhokamada. – Shu yilning yanvarida biz Sarez ko‘lida fojia yuz berishi mumkinligidan ogohlantirgandik. Agar Usoy to‘g‘oni buzilsa, 2004 yil 26 dekabrida Janubiy Osiyoda ro‘y bergan, 250 ming kishini hayotdan olib ketgan fojiali sunami buning oldida bolalar bog‘chasidagi tadbirga o‘xshab qoladi”.
“Mutaxassislarning ogohlantirishlariga hech qanday reaksiya bo‘lmagan edi”, - xulosa qildi ekspert.

Top