19:18 / 07.12.2015
12619

Bojxonachilarga bayram tuhfasi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligi tantanalari Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tarkibidagi bir qator bojxona postlarida xizmat qilayotgan bojxonachilar va ularning oila a'zolari uchun qo‘shaloq bayramga aylandi.
Bayram arafasida Olmaliqda “Olmaliq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining zamonaviy ta'mirdan chiqarilgan yangi binosi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Bekobod shahrining Shirin mavzesida bojxonachilarga yangi xizmat uyining kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimlarida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Ya.Mirzarahimov, Bojxona xizmati faxriylari uyushmasi Raisi D.Kudriddinovlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar jarayonida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bojxona organlari faoliyatiga ham bevosita yuksak e'tibor qaratib kelinayotganini alohida ta'kidlashdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati faoliyatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011 yil 10 avgustdagi PQ-1595-son qarori qabul qilinishi tizim faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorlikni oshirishda beqiyos xizmat qilmoqda.
Yuksak e'tiborning namunasi sifatida bunyod etilgan “Olmaliq” TIF bojxona postida bojxonachilarning samarali xizmat ko‘rsatishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Bu yerda bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona ko‘rigini amalga oshiruvchi xodimlar uchun shinam xonalar, zamonaviy mebel jihozlari, eng so‘nggi rusumdagi axborot texnologiyalari bojxonachilar tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yuksak darajada bojxona xizmati ko‘rsatilishini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi. Eng muhimi, bojxona rasmiylashtiruvini yanada tezlashtirishga, bu orqali esa tadbirkorning ham vaqtini va mablag‘ini tejashga hissa qo‘shiladi.
Bojxona postida tadbirkorlar uchun eksport va import operatsiyalarini amalga oshirishda “Bir darcha” mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Elektron deklaratsiyalash amaliyotining joriy qilinganligi esa tadbirkorga o‘z idorasidan chiqmasidan turib, bojxona organlariga bojxona yuk deklaratsiyasi va boshqa tegishli hujjatlarni taqdim qilish imkoniyatini bermoqda.
Post tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida rasmiylashtirilgan 10 mingga yaqin bojxona yuk deklaratsiyalari asosida qiymati 110 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovarlarning eksporti va importi amalga oshirilgan.


Bekobod shahridagi foydalanishga topshirilgan xizmat uyiga esa ushbu hududdagi “Farhod, “Oybek” chegara-bojxona postlari, “Bekobod” temir yo‘l-chegara bojxona posti hamda “Bekobod” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida xizmat qilayotgan 48 nafar xodimlar oilalari bilan ko‘chib kirishdi.


Tadbirda ta'kidlanganidek, Bekobod shahrida xizmat qilayotgan bojxonachilar ham davlatimiz xavfsizligini ta'minlash, mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, chetdan qurol-yarog‘, o‘q-dori va giyohvand moddalarning hamda respublika mustaqilligiga tahdid soluvchi turli ekstremistik adabiyotlar va vositalarni kirib kelishining oldini olish, shuningdek, ichki bozorni muhofaza qilish, davlat xazinasini to‘ldirish kabi muhim vazifalarni sharaf bilan yelkama-yelka turib bajarib kelmoqdalar.


Davlatimiz tomonidan barcha sohalarda bo‘lgani kabi, bojxona sohasida ham xodimlarni doimiy ravishda moddiy va ma'naviy rag‘batlantirib borishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, soha infratuzilmasini tubdan takomillashtirish, xodimlar uchun mehnat va yashash shart-sharoitlarini yanada yaxshilash borasida alohida e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 11 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlarini uy-joy sharoitlari darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosan, bojxona xodimlarining istiqomat qilishlari uchun Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joylashgan 6 ta bino Davlat bojxona qo‘mitasiga beg‘araz ajratildi.


Ular orasida Bekobod shahridagi Shirin mahalla fuqarolar yig‘ini 13-dahasida joylashgan xizmat uyi ham bo‘lib, mazkur obekt yaqinda qayta rekonstruksiya qilindi va sifatli ta'mirlandi. Bu yerda barcha qulayliklar yaratilgan, zamonaviy mebel jihozlari, maishiy texnika buyumlari, xususan televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, konditsionerlar bilan ta'minlangan.


Bu yerda bojxonachilar va ularning oila a'zolari sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun sport kompleksi hamda bolalar sport maydonchasi tashkil etilganligi kirib kelayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola yili”da o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi!
Darhaqiqat, ko‘rsatilgan kabi yuksak g‘amxo‘rlik, mamlakatimiz Prezidenti va Hukumatimiz tomonidan bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoyalash yuzasidan qabul qilinayotgan qarorlar har bir xodimni zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishga, Vatanimiz oldidagi muqaddas burchni sharaf bilan ado etish va bildirilgan ishonchni munosib oqlashga chorlaydi. 

Top