16:14 / 07.12.2015
9082

Qo‘qonlik transportchilar tashabbusi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligi bayramiga qo‘qonlik transportchilar munosib tuhfa tayyorlashdi. Ertaga shahar aholisiga bepul transport xizmati ko‘rsatiladi.

Kundalik turmushimizni avtotransport vositalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Avtomobillar uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiladigan eng maqbul ko‘makchiga aylanib ulgurdi.
Xususan, viloyatimizda ham avtotransport xizmatlari faoliyatini tartibga solish, ular tomonidan yo‘lovchilar tashish sifati va xavfsizligini ta'minlash maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada aholiga transport xizmat ko‘rsatish sifati keskin yaxshilanib bormoqda. Viloyat hokimining 2015 yil 25 noyabrdagi “Viloyatda umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini yo‘nalishli avtobus va mikroavtobuslarda imtiyozli va bepul tashishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ham barchani mamnun etdi.
Ayni kunlarda Qo‘qon shahrida 10 ta yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 250dan ziyod zamonaviy avtobuslar bor.
-Hamshaharlarimizga bayram kunida quvonchlariga sherik bo‘layotganimizdan xursandmiz, -deydi “Invest trans” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Raupov. –Jamiyatimizning 50 ta avtobuslari bayram kuni aholiga bepul transport xizmati ko‘rsatishadi.

M. SULAYMONOV.

Top