16:42 / 07.12.2015
6067

Suriya o‘z armiyasi xalqaro koalitsiya samolyotlari tomonidan o‘qqa tutilgani haqida BMT XKni xabardor qildi

Suriya TIV BMT xavfsizlik kengashiga AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari tomonidan suriyalik harbiylar joylashgan bazalarga raketa zarbalari yo‘llangani haqida norozilik notasi jo‘natdi. Bu haqda SANA axborot agentligi hukumatdagi o‘z manbasiga asoslanib, xabar tarqatgan.

Ma'lum qilinishicha, Dayr az-Zavr viloyatida sodir bo‘lgan bu hodisa vaqtida koalitsiyaning 4ta samolyotidan 9ta raketa yo‘llangan va natijada 3 kishi halok bo‘lib, 13 kishi jarohatlangan.

Shuningdek, 3ta zirxli mashina yo‘q qilinib, qurol va o‘q-dori omborlari vayron bo‘lgan.

"Suriya Arab respublikasi koalitsiya tomonidan sodir etilgan bu hujum BMT Ustaviga zid ekanini eslatadi va tashkilotda bu ayanchli xatoni muhokama etishni so‘raydi", deyiladi Suriya TIV murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, bugun xalqaro koalitsiya samolyotlari yanglishib, Suriya armiyasining Deyr az-Zavr viloyatidagi bo‘linmalariga zarba bergandi.

Undan oldinroq, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri xalqaro koalitsiya kuchlari IShIDga qarshi amaliyotlar ko‘lamini kengaytirishi haqida ma'lum qilgandi.

Top