12:30 / 08.12.2015
8282

Tojikiston matbuoti: fermerlarda 1.4 mlrd dollar qayerdan paydo bo‘ldi?

O‘tgan hafta Xalqaro valyuta jamg‘armasi mintaqaviy iqtisodiy sharhi taqdimoti chog‘ida Tojikiston prezidenti devoni vakillari 2014 yili Tojikistonga quruq meva eksportidan 1.4 mlrd dollar kirib kelganini bayon qilishdi. Bu son tojikistonlik jurnalistlarda shubha uyg‘otdi, shu bois ular masalani tekshirib ko‘rishdi.

News.tj sayti xodimlari bu songa izoh so‘rab iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligiga murojaat qilishdi. Aniqlanishicha, vazirlik xodimlari mehnat muhojirlarining mamlakatga yuborayotgan pul o‘tkazmalarining real hajmini aniqlashga harakat qilishgan va bunda o‘tkazmalarning bir qismi boshqacha asosga egaligi ma'lum bo‘lgan.

Ayni paytda Rossiyada, RF Federal migratsiya xizmatining rasmiy ma'lumotlariga qaraganda, Tojikistonning 1 mln fuqarosi ishlamoqda, shulardan 250 ming nafari ikkita fuqarolikka egadir. Shu tariqa, ularni mehnat muhojirlari deb bo‘lmaydi. Qolgan 750 ming kishiga kelsak, ular oyiga o‘rtacha 500 dollar, yiliga 6 ming dollar topadi. 750 ming muhojirning yillik umumiy daromadi 4.5 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Bu summaning yarmi Rossiyaning o‘zidayoq sarflanadi, qolgan 2.25 mlrd dollar esa Tojikistonga yuboriladi. Shunga qaramay, milliy bank ma'lumotlariga qaraganda, 2014 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 3.9 mlrd dollarni tashkil etgan, bu esa YaIMning 45 foizi demak. Yuqorida keltirilgan real sonni bu ko‘rsatkichdan ayrisak, 1.65 mlrd dollar qoladi. Bu pul mamlakatga, muassasa mutaxassislarining fikricha, pul o‘tkazmalari shaklida, lekin mehnat muhojirlaridan emas, quruq va xo‘l meva eksportchilaridan kirib keladi.

Rossiya bozoridagi raqobatga bardosh bera olish uchun eksportchilar shu yo‘l bilan tejashga harakat qilishadi, negaki muhojirlarning pul o‘tkazmalari soliqqa tortilmaydi. Aynan mana shu hisob-kitoblar asosida yuqoridagi son (1.4 mlrd dollar) paydo bo‘lgan va rasmiy doirada tilga olingan.

Top