19:06 / 09.12.2015
22029

“IShID”MI YoKI DAISh?

Yaqindan boshlab Rossiya matbuoti, u xoh davlatga qarashli, xoh nohukumat matbuoti bo‘lsin, Islom davlati (yoki IShID)ni DAISh atamasi bilan ifoda etishga o‘tdi. Undan avvalroq esa Fransiya prezidenti Fransua Olland va boshqa xorijiy jurnalistlar barcha terrorchilarni shu nom bilan atay boshlagan edi. Ma'lum bo‘lishicha, bahor oylaridayoq Rossiya Dinlararo kengashi hukumatga murojaat qilib, “Islom davlati” degan iborani “DAISh” ga o‘zgartirish taklifi bilan chiqqan ekan. Ammo o‘shanda bu iltimosga e'tibor qaratilmagan.

Bir jihatdan Yaqin Sharqda faoliyat yuritayotgan terror guruhini arab tilida talqin qilinganidek, DAISh («ad-Davlat al-Islamiyya fil-Iroq vash-Shom») deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi. DAISh – aslida “Iroq va Shom islom davlati” degan ma'noni anglatsa-da, qisqartirib faqat, abbreviatura qo‘llanilganda haqoratli «dayus» degan ma'noni beradi. Arabchada Daesh (داعس), qabih niyatli insonlarga nisbatan ishlatiladi. Axir “Islom davlat”i ham buzg‘unchilik bilan shug‘ullanib kelayotgani hech kimga sir bo‘lmay qoldi.

Shu sababli, NATO, BRIKS, ASeAN kabi abbreviaturalar asl holida qo‘llanilgani kabi, DAIShni ham arab tilida talqin qilinganidek ishlatish maqsadga muvofiq. “Islom davlati” atamasi, bu - islom dini va musulmonlarga nisbatan haqoratdir.

Qolaversa, poytaxti ham, valyutasiyu aniq hudud va chegaralari ham bo‘lmagan, kelajakda biror bir maamlakat tan olmaydigan terror tashkilotiga «davlat» iborasini ham qo‘llash to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Jinoiy tashkilotning islomga ham, davlatga ham mutlaqo aloqasi yo‘qligi kundek ravshan-ku.

Iroq va Suriyaning ma'lum hududlarini egallab olgan terrorchilar radikal nuqtai nazaridagi davlatni barpo etmoqchi. Agar biz ularni “Islom davlati” deb ataydigan bo‘lsak, ularning g‘oyalarini targ‘ib-tashviqot qilayotgan bo‘lmaymizmi?

Shuningdek, bu tashkilot shariat qoidalariga amal qilib faoliyat yuritayotganiga ham hech kim ishonmayapti. Islom dinida tinch aholi vakillarini o‘ldirish, bolalardan urushda foydalanish qatiyan taqiqlanadi. DAISh esa islom taqiqlagan amallarni qilmoqda. Ularni “Islom davlati” deb emas, mintaqadagi boshboshdoqlikdan foydalanib qolayotgan terror guruhi deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi.

DAISh va uning atrofida yuz berayotgan voqealardan ko‘proq musulmonlar aziyat chekmoqda. Bugungi kunda dunyoda islom deganda kesilgan kallalar, qotilliklar, portlashlar, xunrezriklar tushuniladigan bo‘lib qoldi. Aslida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Ochiq Xat” (Toshkent, “Hilol nashr”, 2015) kitobida livanlik yozuvchi olim Muhammad Sammokka tayanib, ta'kidlab o‘tganlaridek, “terror arab ixtirosi yoki islomiy bid'at emas, balki zamonaviy asrda siyosiy iztiroblar natijasida yuzaga kelgan nafratning bir ko‘rinishidir. Aslida terror ikki asr oldin yuzaga kelgan”. Shayx hazratlari tolibon kabi terror guruhlarini bemazhablar deb atar ekanlar, “Ular o‘zlariga nasihat qilganlarni ham kofirga chiqara boshladilar. Hamma tarafda jihod qilish va islom davlati tuzish haqida gap-so‘z, yozish-chizish ko‘payib ketdi. Hammasini jamlab, birorta kichikroq korxonaga rahbar qilib qo‘yilsa, boshqara olmasliklari aniq kimsalar butun dunyo bo‘yicha hukm suradigan davlat qurish haqida bong urar edilar. Islomdan bir-ikkita narsani o‘rganib olib, o‘zini bilimdon sanagan bu chalasavodlar o‘zlariga nasihat qilmoqchi bo‘lgan olimlarni kofirdan olib kofirga solishar, ularni Islomga qarshi chiqishda ayblar edilar”, deya yozadilar. Shayx hazratlarining fikricha, ular o‘zlarining islom borasidagi savodsiz tushunchalari bo‘yicha ish yuritib, hammaga kulgu bo‘ldilar. Eng achinarlisi, Islomning obro‘siga futur yetkazdilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhamaad Yusuf hazratlari IShIDning qanday tashkil etilganini aniq dalillar bilan isbotlab beradilar. Bu tashkilot Iroqdagi Buku qamoqxonasida paydo bo‘lgani aytiladi. “Qamoqxona degan “oliy o‘quv yurti” tugatilganidan keyin ularning bitiruvchilari olgan “ilm”larini hayotga tatbiq qilishni boshlaganlar. IShID sahnaga chiqqanda voqealarning borishini kuzatib turganlar hayratda qolishdi. Bu harakat qayerdan paydo bo‘lganini, uning ortida kim turganini tushunmasdan hammaning boshi qotdi. IShIDchilar qilayotgan ishlarning mantig‘idan odamlarning aqli lol qoldi. Bo‘layotgan ishlarning barchasi Islom nomidan amalga oshirildi. Oxiri borib, “xalifalik” e'lon qilindi va hamma musulmonlar unga bay'at qilishga chorlandi...

Ammo haqiqiy musulmon ulamolar va tashkilotlar IShID va uning faoliyatini qoralab chiqdilar hamda musulmon ommasini ularga qo‘shilmaslikka chaqirdilar. Dunyo musulmon ulamolar birligi, Al-Azhar kabi nufuzli tashkilotlar, Shayx Yusuf Qarzoviy, shayx Ali Qoradog‘iy, shayx Ahmad Toyyib kabi katta ulamolar shular jumlasidandir”, deyiladi “Ochiq xat”da.

Ayni paytda DAISh qisqartmasi terrorchilar uchun xaqoratli ekanini ularning o‘zlari ham angab yetgani xaqida yozilmoqda. Aynan shu sabab xam bu tashkilotni DAISh deb atayverish kerak.

“Islom davlati” atamasiga qarshi bo‘lgan arab davlatlari 2013 yildayoq DAISh iborasini muamolaga kiritishgan. G‘arb dunyosida ilk bor bu atama Fransiya rasmiylari tomonidan qo‘llanildi. 2014 yilning sentabrida tashqi ishlar vaziri Loran Fabius “Islom davlati” atamasini ishlatishdan voz kechishga chaqirdi. Uning fikricha, “Islom davlati”ni islom va musulmonlarga mutloqo aloqasi yo‘q. «Arablar ularni DAISh deb atashadi, men ham terrorchi kallakesarlarga nisbatan shu iborani ishlataman», - degan edi Loran Fabius. 2015 yilning yanvar oyida Avstraliyaning sobiq bosh vaziri Toni Ebbot, shu yilning 2 dekabrida Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron mana shu abbreviaturani ishlatish tarafdori ekani haqida bayonot berishdi.

Britaniya imomlari bu tashkilotni “Islom davlati” deb atash noto‘g‘ri ekanligini aytib keladilar. Rossiya ruxoniylari esa IDni - “Iblis davlati” deyishadi.

Bir qator kuzatuvchilarning aytishicha, “Islom Davlati” degandan ko‘ra “DAISh” atamasini qo‘llash terrorchilarga qarshi kurashga katta ko‘mak ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Sharofiddin To‘laganov

Top