15:11 / 09.12.2015
3348

O‘zDJTUda britaniyalik mutaxassislar ishtirokida ingliz tilini o‘qitishga bag‘ishlangan konferensiya boshlandi

Bugun, 9 dekabr kuni Britaniya Kengashi, O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, O‘zDJTU huzuridagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy innovatsion markazi bilan hamkorlikda til o‘rganish ko‘nikmalarini baholash sohasi mutaxassislari uchun "Zamonaviy baholash metodlari" bo‘yicha Milliy konferensiyaning ochilish ma'rosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan, Britaniya Kengashi direktori Mark Krossi va mutaxassislar Richard Vest hamda Jyeymi Danlilar ishtiroki bilan start oldi. Ingliz tilini o‘qitish va bilimlarni baholash bo‘yicha treninglar 9-10 dekabr kunlari O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tadi.

Undan tashqari, 11-16 dekabr kunlari xalqaro va milliy standartlarga asosan ingliz tili bilim va ko‘nikmalarini baholash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Mazkur treninglarda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlaydigan yetakchi oliy ta'lim muassasalari, o‘rta-maxsus ta'limda faoliyat yurutuvchi ingliz tili o‘qituvchilari va Davlat test markazi vakillari ishtirok etadi.

Seminarlarda ishtirokchilar ingliz tilini baholashda yangi bo‘lgan " Aptis" dasturi imkoniyatlari bilan tanishib chiqadilar.
Rejaga ko‘ra, amaliy mashg‘ulotlar natijasi o‘laroq, ishtirokchilar trener sifatida mamlakatdagi o‘quv yurtlariga maslahat berish va bosqichli seminarlar o‘tkazish orqali "Zamonaviy baholash metodlari"ni targ‘ib etishadi.

Charos OMONOVA, O‘zDJTU talabasi

Top