20:54 / 10.12.2015
7817

"Marsel" tarkibiga "saviyasizligi" uchun olinmagan jazoirlik futbolchi Angliya premer-ligasini titratmoqda

Hozirda "Lester" jamoasida yulduzlik onlarini o‘tkazayotgan jazoirlik futbolchi Riyod Mahrez 2015 yilning qishida Angliyadan Fransiyaga, "Marsel" jamoasiga qaytib kelishi mumkin edi.

France Football nashrining xabariga ko‘ra, o‘tgan mavsumning qishki transferlar mavsumida futbolchining agenti Fransiyaning "Marsel" jamoasiga murojaat qilgan va klub rahbariyatidan o‘z mijozi bilan shartnoma imzolashini so‘ragan. Lekin fransuzlar bu so‘rovga nisbatan juda bepisandlik bilan javob qaytarishgan.

Jumladan, "Marsel" prezidenti Vensan Lyabryun ularga juda qattiq muomilada bo‘lgan.

"Siz rostdan ham "Lester"ning jazoirlik futbolchisi "Marsel"ga to‘g‘ri keladi deb hisoblaysizmi? Men sizlarga vaqt ajratib shuni aytishim mumkinki, biz o‘z tarkibimizga saviyali futbolchilarni olamiz. Biz bunday past saviyali futbolchi bilan shartnoma imzolab, uni noldan boshlab tarbiyalay olmaymiz. Umid qilamanki, meni to‘g‘ri tushundingiz", degan o‘shanda Lyabryun.

Qayd etish kerakki, Riyod Maxrez o‘tgan mavsumda "Lester"ning asosiy o‘yinchilaridan biri hisoblanmas edi. U o‘tgan mavsumda jamoa tarkibida 23ta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushirilgan va bu o‘yinlarda 4ta gol urib, 5ta golli pas amalga oshirgan.

Yangi mavsumda esa yangi bosh murabbiy Klaudio Ranerining ishonchini qozona olgan futbolchi mavsumning birinchi o‘yinidanoq asosiy tarkibdan joy oldi va jamoa yetakchisiga aylandi. U shu vaqtgacha o‘tkazilgan APLning 15 tur uchrashuvidan keyin 10ta gol urgan va 6ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

Ma'lumot uchun, Maxrez Fransiyadagi "AAS Sarsel" jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2009 yilda to‘rtinchi diviziondagi havaskor jamoa "Kimper" safiga qo‘shilgan va 27ta o‘yinda bitta gol urgan.

2010 yilda Maxrez "Gavr"ga o‘tib, o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynay boshlagan. U bu yerda ko‘zga ko‘rinarli natijalar ko‘rsatgan (birinchi mavsumda 13ta, ikkinchisida 11ta gol). U 2011-12 yillar mavsumida "Gavr"ning asosiy jamoasiga o‘tkazilgan. Ikkinchi divizionda ishtirok etuvchi bu jamoa tarkibida Maxrez 2012-13 yillar mavsumida asosiy tarkibda muntazam tushadigan bo‘lgan. U "Gavr"ning asosiy jamoasidagi ikkinchi mavsumida, chempionatning to‘qqizinchi turida professional futbolchi sifatida ilk golini "Shatoru" jamoasiga urgan va jamoasiga ochko keltirgan (1:1).

2014 yilning 11 yanvarida Maxrez 400 ming yevro evaziga "Lester Siti" tarkibiga kelib qo‘shilgan va jamoa bilan 3,5 yillik shartnoma imzolagan. U chempionshipdagi debyutini 2014 yilning 25 yanvar kunida "Midlsboro" jamoasiga qarshi o‘yinda amalga oshirgan. O‘shanda jamoa 2:0 hisobida oldinda borayotganida, 79-daqiqada Maxrez maydonga tushirilgan. U ketma-ket 4 o‘yinda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan va bitta gol urgan. O‘sha mavsum yakunida "Lester Siti" chempionship chempioniga aylangan.

Maxrez 1991 yilning 21 fevralida Fransiyaning Sarsel shahrida, Val-d’Uaz mavzesida muhojirlar oilasida dunyoga kelgan. Otasi jazoirlik, onasi marokashlik.

Maxrez Fransiyada tug‘ilgan bo‘lsada, Jazoir uchun o‘ynashga qaror qildi. U 2014 yilning 31 may kunida terma jamoadagi ilk o‘yinini Armaniston termasiga qarshi o‘tkazdi. Uni Vohid Xalilxojich 2014 yilning yozida Braziliya maydonlarida o‘tkazilgan mundialga olib ketdi. Yosh futbolchi Belgiyaga qarshi o‘yinda ishtirok etgan.

Uning "Lester"dagi muvaffaqiyatlaridan keyin "Arsenal" yanvarda Riyod Maxrezni xarid qilmoqchiligi haqida xabar paydo bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmasdan "Barselona" ham ushbu futbolchiga qiziqish bildirayotgani haqida xabar qilindi.

Top