10:55 / 10.12.2015
9308

Goga Hidoyatov olamdan o‘tdi

O‘zbekistonlik ko‘zga ko‘ringan tarixchi, professor, tarix fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Goga Abrorovich Hidoyatov olamdan o‘tdi. Olim 85 yoshda edi.

Goga Hidoyatov 1930 yilning 9 may kuni Toshkent shahrida mashhur drama aktyorlari Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘rayevalarning oilasida dunyoga keldi. M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida o‘qidi.

1958 yildan boshlab turli ilmiy muassasalarda faoliyat yuritib keldi. O‘z ilmiy faoliyatini O‘zSSR FA Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim sifatida boshladi; 1994-1999 yillarda O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori bo‘ldi. 2005 yili pensiyaga chiqdi, lekin ilmiy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymadi va umrining oxiriga qadar yozishda davom ettirdi.

15ta monografiya, 100dan ortiq ilmiy maqolalar, jahonning yangi tarixi bo‘yicha qator darsliklar muallifi. Nafaqaxo‘rlik yillarida internetda ko‘plab ilmiy-ommabop maqolalar bilan chiqishlar qilib turdi, ularda o‘zbeklar va umuman O‘rta Osiyo xalqlari tarixi bo‘yicha yangi qarashlarini ifoda etib berdi. Edvard Ollvortning The Modern Uzbeks (Zamonaviy o‘zbeklar) kitobining alohida boblarini ingliz tilidan tarjima qildi.

Oxirgi kunlarda Goga Abrorovich “Tyurkskaya sivilizatsiya” (Turk sivilizatsiyasi) kitobi ustida ishladi va uni yakunlashga ulgurdi.

Kun.uz tahririyati ajoyib tarixchi olimning oilasi va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.

Top