21:01 / 10.12.2015
15008

Lola: faoliyatimiz qattiq nazorat ostida

Xonanda Lola Yo‘ldosheva Redpen.uz saytiga bergan intervyusida litsenziyadan mahrum qilinganidan so‘ng shou-biznesga chetdan qarash imkoniyatiga ega bo‘lganini va shu asosda tegishli xulosalar qilganini aytib o‘tdi.

“Bugun, “shou-biznes” nomli kema bortidan chetga chiqib qolgan ekanman, bo‘layotgan ishlarni chetdan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldim, - dedi u. – Afsuski, bizning faoliyatimiz juda kuchli nazoratga tushib qolibdi. Bu qushning qanotini sindirish bilan barobar. Ijodkor shaxsni nazorat qilish mumkin emas. Shungacha bormoqdaki, Instagram’dagi shaxsiy sahifa ham nazorat ostidagi sohaga aylanmoqda. Tamom, senda shaxsiy foto joylashtirish imkoniyati yo‘q. Endi mening shaxsiy hayotim konsertim bekor qilinishiga sabab bo‘lmoqda”.

Lekin Lola tushkunlikka tushmayotganini, tegishli xulosalar qilayotganini, asosiysi – tinglovchilarini yo‘qotmayotganini mamnuniyat bilan e'tirof etdi.

“Men tinglovchilarimni yo‘qotmayapman. Bu muhimroq. Men o‘z prinsiplarimga qarshi ish qilishni xohlamayman. Har doim murosa qilishga tayyorman, lekin men ko‘na olmaydigan narsalar bor. Umuman, men salbiy tomonlarga o‘ralashib qolmayman. Har doim odamlar va vaziyatlarda ijobiy tomonlarni topaman. Buning teskarisini qilsang, aqldan ozish mumkin, ayniqsa bizning kasbimizda”, - xulosa qildi xonanda.

Top